Farg‘ona III xalqaro mediaforumi (+video)
Matbuotning «to‘rtinchi hokimiyat» maqomiga erishishida asosiy shart xolislik va qat’iy yondashuvdir, deya ta’kidladilar Farg‘ona III xalqaro mediaforumi ishtirokchilari. Zero ommaviy axborot vositasi jamoatchilik fikrini shakllantirishda ustuvorlikka ega. Jamiyatning sog‘lomligi esa axborotning xolisligiga ham bog‘liq.
Bu kabi nazariy fikrlar, amaliy tajribaga asoslangan xulosa va takliflar «Ijtimoiy ongning shakllanishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni» mavzusidagi xalqaro konferensiya minbaridan yangradi. Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tashkil etgan anjumanda Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Belarus kabi 12 ta xorijiy mamlakat jurnalistlari ishtirok etdilar.
– Avvalo, Farg‘ona xalqiga Hindiston jurnalistlari birlashmasidan salomlarimizni olib keldik, – deydi «Diplomacy India» agentligi bosh muharriri Ameya Sataye. – Farg‘ona xalqaro konferensiyasi dunyodagi murakkab siyosiy kurashlar chog‘ida matbuotning o‘ziga xosligi masalasida fikr almashish maydoniga aylandi. Men bu yerda qit’aning taniqli jurnalistlarini uchratib, fikrlarimizni ochiq-oydin aytdik. Matbuot kuchini dunyoni, odamlarning hayotini saqlab qolishga safarbar etishimiz kerak, deb hisoblayman.
– Bugun biz anjumanlar maydonida faktcheking, ya’ni media savodxonlikni rivojlantirishdagi umumiy nuqtalarni ham belgilab olyapmiz. Shu bilan birgalikda, axborot almashinuvida eng dolzarb vazifalar, eng dolzarb masalalarni ham muhokama qildik. Shu nuqtai nazardan, mana shunday anjumanlar xalqaro jurnalistikani, umuman dunyo maydonidagi axborot makonini ishonchli, tekshirilgan axborotlar bilan to‘ldirishda ham ayni muddao bo‘ladi, – deydi “Yangi O‘zbekiston” – “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov.

– Davlatlarimiz rahbarlari o‘zaro hamkorlikning yangi shakllarini topdilar. Endi biz, jurnalistlar hamkorlikni kuchaytirishimiz, mushtarak g‘oyalar mohiyatini xalqlarimizga teran yetkazishimiz lozim, – deydi Turkiyaning «TRT» televideniyesi shu’ba mudiri Topchu Erdog‘an. – Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi bu borada ibratli tashabbus bilan chiqibdi. Biz Osiyo va Yevropa mamlakatlari jurnalistlarining yaqin davr strategiyasini shakllantirishga harakat qildik. Yana bir jihatni aytmoqchiman: O‘zbekiston havas qilgulik darajada go‘zal diyorga aylanmoqda. Bunday o‘zgarishlar Prezident Mirziyoyevning ulkan islohotlari natijasi ekani turk dunyosiga ma’lum.
Konferensiya ishtirokchilari Farg‘ona viloyatining noyob sanoat va qishloq xo‘jaligi, ilm va madaniyat markazlari bilan ham tanishdilar. Quvasoydagi «CROWN CERAMIC» va «Marwin fruitline» korxonalariga bordilar. «GLOBAL TEXTILE INFINITY» sexlarini aylanar ekanlar, qo‘shimcha qiymat yaratish tajribasini tahlil qildilar. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanidagi paxta dalalari ularda unutilmas taassurot qoldirdi. Turkiya va Ozarbayjon televideniyelarining yangiliklar dasturiga paxta maydonlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatuvlar qilindi.

– Bugun men ushbu zavodga tashrif buyurib u juda zamonaviy, yuqori texnologiyalar asosida jihozlanganini ko‘rdim. Meni qiziqtirgan asosiy savollardan biri – korxona mahsulotlari Xitoyga eksport qilinadimi, degan masala bo‘ldi. Chunki bugungi kunda Xitoyda juda katta bozor mavjud.
Korxona mas’ullari ham bizga ishlab chiqarilayotgan sharbat mahsulotlari Xitoy bozoriga eksport qilinayotgani haqida ma’lumot berishdi. Ayniqsa, mahalliy xomashyo asosida tayyorlanayotgan mahsulotlarning Xitoy kabi yirik bozorga chiqarilayotgani men uchun juda qiziq va muhim ma’lumot bo‘ldi, – deydi Xitoyning CNS axborot agentligi muxbiri Shan Lu.

– Men Yaponiyadan tashrif buyurgan jurnalistman. Farg‘ona to‘qimachilik sanoati haqida Yaponiyada ham yaxshi ma’lumotlar bor. Shuning uchun bugun viloyatdagi zamonaviy to‘qimachilik korxonalaridan birida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini bevosita ko‘rish men uchun juda qiziqarli bo‘ldi. Menimcha, bunday korxonalar nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki mahalliy xomashyoga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, eksport salohiyatini oshirish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Yaponiyada sifatli mato va tayyor to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqori. Shu nuqtai nazardan Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va bu sohadagi imkoniyatlar menda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Yaponiyaning “KYODO NEWS” axborot agentligi muxbiri Kashimura Nana.
Xalqaro mediaforum ishtirokchilari Oltiariq uzumzorlari, Marg‘ilon Hunarmandchilik markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasidagi «Atlas» bayramida bo‘lib cheksiz taassurot oldilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/587TV9tOd4A" title="Farg`ona Osiyo matbuotining bir kunlik markaziga aylandi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video,surat), O‘zA