Farg‘ona eksportida Afg‘onistonning o‘rni oshmoqda
Jahon bozori misoli poyga. Kim epchillik qilsa, oti chopqir bo‘lsa, omad ham unga boqadi.
Farg‘ona viloyatida shu yilning sakkiz oyida 555,6 mln. dollarga teng eksport amalga oshirildi. So‘nggi yillarda Rossiya mintaqalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, qo‘shimcha loyihalar amalga oshirilgani o‘z natijasini ko‘rsatdi. Viloyat eksportining 46,2 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni choqda Xitoyga eksport hajmi 27, mln.dollar bo‘lib, viloyat umumiy ko‘rsatkichining 4,9 foizini tashkil etgan. Xitoy Farg‘ona viloyatiga kiritayotgan investitsiya kundan kunga o‘sib borayapti. Ammo bu yurtga hatto qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobidan ham eksport hajmini oshirish imkoniyatlari bor.


Ajoyib natija shuki, Afg‘oniston Respublikasiga Farg‘onadan yuborilayotgan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari hajmi tobora oshib borayapti. O‘tgan davrdagi viloyat eksportining 6,4 foizi Afg‘oniston hisobiga to‘g‘ri keldi. Bunda Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan korxonalarning ulushi katta. Asosan oyoq kiyimi, un, to‘qimachilik mahsulotari eksport qilinyapti, – deydi Qo‘qon EIZ rahbari Farrux Rahmonov. – Yaqinda tadbirkorlarimiz O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasida ochilgan “Ayritom xalqaro savdo markazi” da o‘z do‘konlarini tashkil etdilar. Ayniqsa, bizda ishlab chiqarilgan velosiped, skuter va boshqa harakat vositalariga afg‘onistonlik tadbirkorlar tomonidan qiziqish katta.
Ha, yurgan, yugurgan manzilga tezroq yetadi, deyishadi. Endi Afg‘oniston Farg‘ona viloyatiga tobora yaqinlashmoqda.


Muhammadjon Obidov, O‘zA