Fargʻonada siyosiy partiyalar faolligi qanday?
“Yuksalish” umummilliy harakati Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi saylov jarayonida jamoatchilik tomonidan siyosiy partiyalar faoliyati boʻyicha fikr va izohlar yuzasidan brifing tashkil etdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi saylov jarayonida jamoatchilik tomonidan siyosiy partiyalar faoliyati boʻyicha fikr va izohlar yuzasidan brifing tashkil etdi.
Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi doirasida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda viloyatdagi siyosiy partiyalarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Joriy yilning 22-dekabr kuni mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar muhim sinov – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga boʻladigan saylovlarda ishtirok etadi. Saylovlarning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos holda oʻtishi koʻp jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrishi hamda chuqur oʻylangan yangi gʻoya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bogʻliq. Brifingda partiya rahbarlari saylovoldi dasturlaridagi ustuvor vazifalar hamda amalga oshirilayotgan ishlari borasida atroflicha maʼlumot berib oʻtishdi.
– Mamlakatimizda saylov huquqi erkinligini taʼminlash, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishini kafolatlash, saylov qonunchiligini xalqaro andozalar asosida bosqichma-bosqich takomillashtirish hamda saylovlarni umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplar doirasida oʻtkazishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Fargʻona viloyat hududiy boʻlinmasi rahbari Saidfarruh Islomov. – Milliy qonunchiligimizda boʻlajak saylovlarda deputatlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Shuning uchun ham siyosiy partiyalar yanada faol boʻlib, saylovlarda munosib ishtirok etishi kerak. Bugungi tadbirda boʻlajak saylovlardagi ularning faoliyati jamoatchilikka xabardor qilindi.