Fargʻonada savobli ishlar davom etmoqda
Insoniylik fazilatlarining eng ezgusi ham odamlarga yaxshilik ulashishdir.
Insoniylik fazilatlarining eng ezgusi ham odamlarga yaxshilik ulashishdir. Ajdodlarimiz aytganidek, savob ishni har kim, har kuni qilishi kerak. Fargʻona viloyatida pandemiya sharoitida qiyin ahvolda qolgan ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam berish istagida boʻlganlarning soni kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Ramazon oyida boshlangan ezgu tashabbuslar koʻplab oilalarga umid baxsh etib, sinovli kunlarda katta dalda boʻlayotir.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda Fargʻona shahrida 9 ming 782 ta ehtiyojmand oilalar roʻyxati shakllantirilgan boʻlib, ularning 8 ming 315 tasi pandemiya natijasida ishsiz qolganlardir. Davlatimiz, saxovatpesha insonlar tomonidan ularga yordam koʻrsatib kelinyapti.
Shahardagi ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlar “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlashga kirishdi. Bugungi kunda ikki yuzdan ortiq ishlab chiqarish korxonalari ishsiz, yordamga muxtoj oilalarni oʻz qaramogʻlariga oldi. Ular tomonidan mazkur oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilyapti, daromad topish choralari koʻrilyapti.
Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi 1 000 ta, “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati 800 ta, “Fargʻonadonmahsulotlari400 ta, ”“Avtooyna” aksiyadorlik jamiyati 200 ta, “UZSUNGWOO” qoʻshma korxonasi 200 ta kam taʼminlangan, ogʻir sharoitdagi oilalarga oʻz yordam qoʻlini choʻzdi.
Shuningdek, shaharda ishlab chiqarish korxonalarining barqaror ishlashini taʼminlash, tadbirkorlarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Sektor rahbarlari oʻz hududlarida ishsiz qolgan va ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam koʻrsatish kabi ezgu amallarni manzilli yoʻlga qoʻyish tadbirlarini koʻrmoqda.