Farg‘ona mototsikllari xaridorgir
Farg‘ona shahridagi “SUN FA” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan ikki va uch g‘ildirakli mototsikllar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Farg‘ona shahridagi “SUN FA” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan ikki va uch g‘ildirakli mototsikllar xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Mamlakatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan yuzdan ortiq qo‘shma korxonada xalqaro talablarga mos, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
2014-yilda xitoylik hamkorlar bilan ish boshlagan “SUN FA” qo‘shma korxonasida ikki va uch g‘ildirakli, 1 tonnadan 2,5 tonnagacha yuk ko‘tara oladigan “Hamkor” rusumli mototsikllarni yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davrda 250 dan ortiq mototsikl xaridorlarga yetkazib berildi. Qo‘shma korxonada yaratilgan yigirmadan ziyod ish o‘rnida, asosan, yoshlar ishlamoqda. O‘tgan yili Oltiariq qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejini tamomlagan Shuhrat Abdumannopov, Farg‘ona sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Bekzod Qodirov, Farg‘ona aloqa kasb-hunar kollejini tugatgan Ravshan Usmonaliyev kabi yoshlar zamonaviy texnologiyalarni bemalol boshqarmoqda.
– Korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida bir nechta istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan, – deydi “SUN FA” qo‘shma korxonasi direktori Navro‘z Rasulov. – Qishloq xo‘jaligida zarur bo‘ladigan ixcham traktorlar, kichik ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zimizda ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi biznes-loyiha ana shulardan biridir. Mazkur loyiha amaliyotga joriy etilsa, oltmishdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.