Faol o‘qituvchilarga davlat mukofotlari topshirildi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Toshkent viloyati hokimligida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari, barcha tuman-shaharlardan kelgan faol o‘qituvchilar, sohada samarali mehnat qilayotgan faxriy ustozlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Davron Hidoyatov barcha ustoz-murabbiylarni samimiy tabriklab, iliq fikrlarini bildirdi. Shundan so‘ng Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘nggi yillar ta’lim tizimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda. Bundan 5 yil oldin Toshkent viloyatida faqatgina 1 ta Toshkent davlat agrar universiteti faoliyat yuritgan. bugungi kunga kelib viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari soni 7 taga yetgan.
Shuningdek, joriy 2021-2022 o‘quv yilida viloyatda 4 ta fizika va matematika, 1 ta fizika (tayanch maktab), 1 ta yapon tili, 8 ta informatika, 6 ta kimyo va biologiya, 21 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Birgina joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida umumta’lim maktablarining qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 203 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 5 barobar ko‘p.

Shu bilan birga, ayni paytda Nurafshon shahridagi 168 o‘rinli Prezident maktabida qurilish ishlari olib borilmoqda.
– Pedagogika sohasida ish boshlaganimda 23 yoshda edim, — deydi «Do‘stlik» ordeni sohibi, O‘rta Chirchiq tumanidagi 65-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nasiba Moldabayeva. – Shunga ham 40 yil bo‘libdi. O‘tgan vaqt davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Mana shu yillar bizni muallim sifatida shakllantirdi. Bugun davlat mukofoni olganimdan juda xursandman.
– Men ham sohadagi malakali mutaxassislar qatorida Prezidentimizning yuksak mukofotini olishni orzu qilardim, – deydi «Shuhrat» medali sohibi, Toshkent tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Shaxnoza Abdusattarova. – Bu yil kasb bayrami arafasida shunday e’tirofga loyiq topildim. Bundan juda xursandman. Ingliz tili o‘qituvchisi sifatida 23 yildan buyon ishlayman. bugungi rag‘bat kelgusi faoliyatimga katta mas’uliyat bilan yondashishimga turtki bo‘ladi.
Tantanali bayram tadbirida Prezidentimizning farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh o‘qituvchilarga mukofotlar topshirildi.
A.Musayev, O‘zA