Ezgulik poyezdi orolboʻyida
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov boshchiligidagi Ishchi guruh aʼzolari Nukus temir yoʻl vokzalidayoq Yoʻl xaritasini muhokama qildilar.
Ishchi guruh faoliyati
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining navbatdagi manzili Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻldi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov boshchiligidagi Ishchi guruh aʼzolari Nukus temir yoʻl vokzalidayoq Yoʻl xaritasini muhokama qildilar.
Shundan soʻng mehmonlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi masʼullari hamda tuman hokimlari oʻrinbosarlaridan tashkil topgan kichik guruhlar vohaning barcha tumanlariga joʻnab ketdi.
Boʻzatov: oʻzgarishlar arafasida
Ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari A.Hamrayev hamrohligida Boʻzatov tumanida boʻldi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan ushbu tuman mamlakatimiz shimolidagi goʻshalardan hisoblanadi. Bugun bu yerda tuman aholisining ertangi farovon hayotini taʼminlash maqsadida qator tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan. Kelgusida yirik korxonalar, madaniy va maishiy obyektlar qurilishi rejalashtirilmoqda.
– Tumanda bir paytlar 65 ming boshgacha yirik shoxli qora mollar boqilgan. Hozirda ularning soni 4 ming boshni tashkil etmoqda, – deydi Boʻzatov tumani hokimi Mahmud Qaypanov. – Aholini ish bilan taʼminlash, hayot farovonligini yuksaltirib borishda maqsadli vazifalar amalga oshirilayotir.
Tuman hokimi kelgusida bajariladigan ishlar rejasi borasida Ishchi guruh aʼzolariga soʻzlab berar ekan chorvachilikni rivojlantirish barobarida sanoat maydonchasida bunyod etiladigan korxonalar, tuman markazida qad rostlaydigan uy-joylar, madaniy-maishiy obyektlar, aholi dam olish maskanlari va “Hunarmandlar alleyasi” toʻgʻrisida atroflicha tushuntirish berdi.
Ishchi guruh “Hunarmandlar alleyasi” majmuasini bunyod etishda ishtirok etish taklifini kiritdi. Asosan qora uy (oʻtov)ning milliy naqshlardagi belbogʻlari, bezakli basqurdlari va tomyopqich (jundan ishlanadigan kigiz) anjomlari tayyorlanadigan sexlarda xotin-qizlar mehnatiga ehtiyoj va talab kattaligi eʼtiborga olindi. Shu sabab, oʻtov tayyorlash yumushlarida faoliyat yuritadigan iqtidorli va chevar opa-singillarga sharoitlar yaratish maqsadida non mahsulotlarini chiqaradigan korxona va non doʻkoni qurilishi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi rejaga kiritildi.
– Bu bizni nihoyatda ruhlantirib yubordi, – deydi tadbirkor Venera Saʼdullayeva. – Oʻn besh nafar opa-singillarimiz doimiy faoliyat bilan band boʻladigan korxona qurilishiga kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan 800 million soʻm ajratiladigan boʻldi.
Tumandagi 20-bolalar musiqa va sanʼat maktabiga 10 dona kompyuter jamlanmasi topshirildi.
Duoga ochilgan qoʻllar
Ishchi guruh aʼzolari Boʻzatov tumanidagi mahallalar, chekka ovul va qishloqlarda yashaydigan sharoiti ogʻir opa-singillarimizni izlab topishda mahalla faollari bilan hamjihat ish olib borishdi. Oʻrganishlar natijasida boʻzatovlik ijtimoiy nochor 70 nafar xotin-qizga yordam koʻrsatildi. Ularga 1 million soʻmdan naqd pul, gilam, elektr non pishirgich, tikuv mashinasi, sanatoriylarga yoʻllanma va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

– Prezidentimizning eʼtiboridan bironta ham vatandoshimiz chetda qolayotgani yoʻq, – deydi sakson yoshdan oshgan onaxon Natalya Lim. – Koʻrsatilayotgan koʻmaklar qatori “Ishonch” gazetasi tahririyati tomonidan sovgʻa qilingan kitoblarni koʻrib, xursand boʻlib ketdim. Cholim bilan kitob oʻqib, gazeta mutolaa qilishni juda yaxshi koʻramiz.
Jahon ahlini sarosimaga solayotgan ayni ogʻir va sinovli kunlarda Yurtboshimiz topshirigʻi bilan Qoraqalpogʻistonning olis ovullarida yashayotgan, sharoiti ogʻir, nogironligi bor, koʻmakka muhtoj xotin-qizlar holidan xabar olib, yordam qoʻllarini choʻzgan kasaba uyushmalari fidoyilariga minnatdorlik soʻzlarini aytayotganlar koʻpchilikni tashkil etdi.
– Qaramogʻimda toʻrt nafar qizim bor, – deydi Ramuza Raziqova. – Umr yoʻldoshim vafotidan soʻng farzandlarimni yolgʻiz oʻzim voyaga yetkazmoqdaman. Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqimiz sinovli kunlarni boshidan oʻtkazayotgan bir paytda biz kabi kambagʻal oilalarga yordam qoʻlini choʻzayotgan davlatimizdan minnatdormiz.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning yashash sharoitini yaxshilash va munosib turmush kechirishini taʼminlash hamisha hukumatimiz eʼtibor markazida. Qoraqalpogʻistonlik onaxonlar ham bu jihatni qayta-qayta eʼtirof etib, yurt tinchligi, Yurtboshimizning sogʻligi va xalqimizning ahilligini tilab duoga qoʻl ochdilar.
“Oq kema”ning parvozi
Oʻtgan yili mart oyida Moʻynoq tumanida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablagʻlari hisobidan bolalar yozgi dam olish oromgohini bunyod etish ishlari boshlangan edi. Bolajonlar hordiq chiqaradigan ushbu maskanda bugun katta ish koʻlami bajarilgan. Yil davomida yuzdan ortiq quruvchi ishtirok etgan “Oq kema” oromgohi joriy mavsumda ilk dam oluvchi bolajonlarni qabul qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Dam olish maskani foydalanishga topshirilgach, har mavsumda 1200 qoraqalpogʻistonlik bolajonni sogʻlomlashtirish imkoniyati paydo boʻladi.
– Yurtboshimizning Moʻynoq tumani aholisiga koʻrsatayotgan eʼtibori va otalarcha gʻamxoʻrligidan mamnun boʻlyapmiz, – deydi tuman hokimi Yerpolat Yedenbayev. – Tumanimizga toza ichimlik suvining kelishi, Orol dengizining suvdan boʻshagan yerlarida yaylov va oʻrmonzorlar barpo etilishi, Moʻynoqning tuman markazidan shaharga aylantirilishi, ushbu hududda keng koʻlamli obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi mamlakatimiz tashqarisida ham eʼtirof etilmoqda. Qiyosi yoʻq dam olish markazining bunyod etilishi barchani xursand qilmoqda.
Yozgi oromgoh foydalanishga topshirilgandan soʻng yuzga yaqin odamning bandligi taʼminlanishi kutilmoqda. Ishchi guruh taklifiga binoan koʻpchiligini xotin-qizlar tashkil etadigan jamoani faqat moʻynoqliklar hisobidan shakllantirish amalga oshiriladigan boʻldi.
Shu kungacha 30 milliard soʻmlik ish bajarilgan oromgohda yumushlar avj pallasida. Unga ajratilgan 12 gektarlik maydonda mevali va manzarali daraxtlar boʻy choʻzmoqda. Tomorqaga poliz hamda sabzavot ekinlari ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Moʻynoq tumanida xotin-qizlar bandligini taʼminlash uchun 300 million soʻm ajratildi.
* * *
– Ishchi guruh uch kun davomida voha xotin-qizlarining muammolarini oʻrgandi, – deydi Qoraqalpogʻistona kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Ulugʻbek Jalmenov. – Eʼtiborga muhtoj boʻlgan opa-singillarimiz oilalari moddiy va maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlandi. Ishbilarmon ayollarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan katta miqdordagi begʻaraz moliyalashtirish yumushlari amalga oshiriladigan boʻldi.
Ortiqboy MAMUTOV
Manba: “Ishonch” gezetasi