Ezgu orzu-intilishlar sababchisi
...Yurtimiz istiqlolga erishganda men besh yoshda edim. Onamning aytishlaricha, bog‘chaga har kuni yig‘lab borar ekanman. Tarbiyachimiz ertalabdan kechgacha bizni bir xonada olib o‘tirar, tuzukroq o‘yinchoq ham bo‘lmagan bog‘chamizda biror she’r yoki qo‘shiq yodlaganimizni eslolmayman. Dam olish kunlari biz uchun bayram edi.
...Yurtimiz istiqlolga erishganda men besh yoshda edim. Onamning aytishlaricha, bog‘chaga har kuni yig‘lab borar ekanman. Tarbiyachimiz ertalabdan kechgacha bizni bir xonada olib o‘tirar, tuzukroq o‘yinchoq ham bo‘lmagan bog‘chamizda biror she’r yoki qo‘shiq yodlaganimizni eslolmayman. Dam olish kunlari biz uchun bayram edi.O‘sha davrlarda maktabgacha ta’lim muassasalariga «ota-onasi ishdan qaytguncha bolalar o‘ynab turadigan joy» deb qaralgan.
Mustaqillikning ilk yillaridan ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida voyaga yetkazishga ustuvor vazifalardan biri sifatida yondoshildi.
Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni yuksak ma’naviyat, teran va sog‘lom tafakkur sohibi etib tarbiyalashning izchil mexanizmi yaratildi. Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, mazmunini takomillashtirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim konsepsiyasi”si ishlab chiqildi. Unda maktabgacha ta’limning asosiy mazmuni, maqsadi, vazifalari, yangilanish tamoyillari, tatbiq etish yo‘llari va modellari belgilab berildi.
Xalq ta’limi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizdagi mavjud 4 ming 916 maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini samarali amalga oshirmoqda. 668 mingdan ziyod kichkintoyni qamrab olgan mazkur dargohlarda “Bolajon” maktabgacha ta’lim tayanch dasturi amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. Tarbiya maskanlarini yuqori salohiyatli, malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, rekonstruksiya qilish, zarur texnik, o‘quv-uslubiy vositalar bilan jihozlash masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarida kichkintoylarni savodga tayyorlash, nutqini o‘stirish, gigiyenik ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga tasviriy san’at, musiqa savodxonligi, ma’naviyatini yuksaltirish, Vatanga muhabbat, ijodiy-intellektual salohiyatini muttasil rivojlantirib borishga xizmat qiladigan intellektual o‘yin mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolaning har tomonlama barkamol rivojlanishini nazarda tutuvchi “Jismoniy tarbiya, o‘z-o‘ziga xizmat va gigiyena”, “Ijtimoiy hissiy rivojlanish”, “Nutq o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorlash”, “Bilish jarayoni, atrof olam haqidagi bilimlarga ega bo‘lish” yo‘nalishlarida ta’lim-tarbiya ishlari tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan nafaqat maktablarning boshlang‘ich sinflarida, balki maktabgacha ta’lim muassasalarida ham kichkintoylarga ingliz tili saboqlari o‘rgatilmoqda.
– Bugunning bolasi bir emas, bir necha tilni bilishga intiladi, – deydi poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 20-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Adolat Rahmatullayeva. – Hali maktab yoshiga yetmagan bolakaylarning chet tillarda biyron so‘zlashi, aqlni charxlovchi sinovlarni bemalol bajara olishi bugungi avlodning salohiyatini ko‘rsatadi. Maktabgacha ta’lim muassasasining “Maktabga tayyorlov” guruhlarida bolalar ingliz tilidagi so‘zlarni eshitib, so‘ng ularni qayta takrorlash orqali yodlab olish, og‘zaki talaffuz qilish mashqlarini bajarishadi. Ya’ni bolalarda dastlab o‘qish va yozish emas, balki inglizcha so‘zlarni eshitish orqali kommunikativ ko‘nikma hosil qilinadi. Bunda qo‘llanmalarning soddaligi, ingliz tilidagi videodasturlar, multfilmlar, o‘yin va qo‘shiqlar tarzida berilgan mashqlar o‘g‘il-qizlarning chet tilini tez va oson o‘zlashtirishiga imkon yaratadi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini, ayniqsa, viloyat markazlari va shaharlarda rivojlantirish va shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgani ahamiyatlidir. Ushbu maqsadlar uchun Davlat dasturida homiylar va mahalliy hokimliklar mablag‘lari hisobidan 17 milliard 160 million so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 286 maktabgacha ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlash va jihozlash, o‘yin maydonchalari tashkil etish, hududlarini obodonlashtirish va atrofini o‘rash maqsadida 195 milliard 123 million so‘m davlat mablag‘i ajratilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida 5 ming 175 ingliz tili, 1 ming 758 badiiy gimnastika, 1 ming 585 shaxmat, 3 mingdan ortiq shashka va boshqa yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga xalqimizning boy tarixi, milliy qadriyat va an’analarini o‘rgatish bo‘yicha deyarli barcha maktabgacha ta’lim muassasasida ma’naviyat xonalari, 500 ga yaqinida muzeylar, 300 dan ortiq muassasada kutubxonalar tashkil etilgan.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “Bolajon” telekanalining ishga tushirilishi farzandlarimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishida katta rol o‘ynamoqda. Mazkur telekanal o‘z dasturlarini boyitib, bolajonlarning til o‘rganishiga, jismoniy chiniqishiga, bilimlari kengayishiga qaratilgan loyihalarni muntazam taqdim etmoqda.
Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi «Qisqa muddatli guruhlar» uchun dastur yaratish, metodist, psixolog, defektolog mutaxassislarining faoliyatini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar bajarilmoqda. YuNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda qo‘shimcha ravishda 3 ming “Bilimdon” dasturi chop etilib, 2015-yilning sentabr oyidan hududlarda tashkil etilgan qisqa muddatli guruhlarga tarqatildi.
“Ta’limda global hamkorlik” loyihasi doirasida olib borilgan ishlar natijasida 1220 qisqa muddatli guruhda ta’lim-tarbiya ishlarini olib boruvchi tarbiyachilarga shtat birligi ajratildi. Uning doirasida maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnamaydigan 3-6 yoshli farzandi bo‘lgan oilalar uchun 7 nomdagi qo‘llanma va kitob tayyorlandi.
...Yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 525-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining ota-onalariga «Farzandingiz kunni qanday o‘tkazayotganini bilishni, ularning faoliyatini kuzatishni xohlaysizmi? Uning orzulari haqida to‘liq ma’lumotga egamisiz? Iste’dodli kichkintoyingiz raqsini, qo‘shiq yoki she’r aytishini, rasmlar chizishini ko‘rishni istaysizmi? Unda tashrif buyuring», degan mazmundagi xatlar tarqatildi.
– O‘tkazilgan mana shu so‘rovdan keyin yana bir bor amin bo‘ldikki, bugungi ota-onalar farzandi tarbiyasiga befarq emas, – deydi ta’lim muassasasi mudirasi Shahnoza Umarova. – 90 foiz ota-ona muassasaga keldi,“Ochiq eshiklar kuni”da to‘garaklar faoliyati bilan tanishdi.
Bolalar kulgusi yangragan har bir go‘sha ezgulik va beg‘uborlik qo‘rg‘onidir. Tinch va osuda yurtimiz bag‘rida yayrab kamol topayotgan farzandlarimiz bilan har bir xonadon, ta’lim maskani yanada fayzli, ko‘rkam. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.