“Evrilish nuqtalari...” yoxud yana bir yangi kitob
Iqtisod fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak mulohazalari” kitobi istiqlol yillari xalqimiz bosib o‘tgan yo‘l aks etgan ko‘zguga o‘xshaydi.
Iqtisod fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak mulohazalari” kitobi istiqlol yillari xalqimiz bosib o‘tgan yo‘l aks etgan ko‘zguga o‘xshaydi.
Muallif kitobda mamlakatimiz mustaqillikka erishgan davrni ilmiy asosda xolis va beg‘araz tahlil qiladi.
“Evrilish nuqtalari...”ni chin ma’noda yurtimiz bosib o‘tgan ziddiyatli yo‘lning xolis nigoh bilan qilingan tahlili deyish mumkin.
Kitob bilan tanishar ekansiz, muallif uzoq va yaqin o‘tmishimizdagi turli holat va vaziyatlarning sabablarini aniq ko‘rsatadi. Yo‘qqa chiqarilgan imkoniyatlar haqida ochiq fikr bildiradi, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yuzaga kelgan paradokslardan tortib, iqtisodiy siyosatning eng og‘riqli nuqtalarigacha ochib berishga harakat qiladi. Kelajakda takrorlanmasligi kerak bo‘lgan xatolarni anglashga yo‘naltirilgan jo‘yali mulohazalarini bayon etadi.
Muallif kechagi kun, o‘tmishni inkor qilmaydi, balki undan xulosa chiqarishga o‘quvchini undaydi.
Janglarda toblangan Sohibqiron irodasi, mustabid tuzumning ruhiy iskanjalari va bugungi milliy uyg‘onish davrigacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘l iqtisodiy jarayonlarga bog‘lab tahlil qilinadi, tarixiy xotiradan olingan saboqlar shunchaki o‘tmish emas, balki kelajakni yorituvchi “ma’naviy mayoq” sifatida talqin etiladi.
“Darhaqiqat, O‘zbekiston bugun o‘z tarixining eng murakkab, shu bilan birga, shonli sahifalarini bitayotgan, jamiyat taraqqiyoti tabiiy rivojlanish izmiga tushib, islohotlar mantiqiy davomiylik yo‘lini tanlagan ayni damlarning qadr-qimmati qancha? Bu savolga javob topish uchun tarixning qaysi nuqtasida turganimizni, oldimizdagi imkoniyatlar hamda xatarlarni to‘liq his qilishimiz va anglab olishimiz lozim. Buning uchun faqatgina yaqin o‘tmishimizdan xulosalar chiqarishimizning o‘zi kamlik qiladi...” deya yozadi muallif.
Sharofiddin Nazarovning mazkur kitobi o‘z mamlakati, o‘ztarixini sevuvchi, bugunini qadrlovchi va ertangi kuniga befarq bo‘lmagan keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
O‘zA