E’tirof va rag‘bat yangi muvaffaqiyatlarga olib keladi
Taraqqiyotning tamal toshi. Uni qo‘yishda barkamol avlod vakillarining o‘rni beqiyos. Bugun iftixor bilan ta’kidlayotganimiz – sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon va qit’a chempionatlarida, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston nomini ulug‘layotganlar aynan yurtimizning olovqalb yoshlari hisoblanadi.
Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan sportchilarimiz o‘tayotgan yilning olti oyi mobaynida jahon sport maydonlarida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda 476 ta medallar shodasiga ega chiqib, yurtimiz sha’nini ulug‘lagani har jihatdan tahsinga loyiqdir.
Zero, qo‘lga kiritilgan ushbu g‘alabalar tag zamirida vatanimiz kelajagini bunyod etishdek ezgu maqsad mujassamki, uning shukuhi asrlar osha Yangi O‘zbekiston poydevoriga qo‘yilgan bir g‘isht kabi azizdir.

Mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, halol va samarali mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotiga, uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashabbuskor va yetakchi yoshlarimiz qatori bir guruh sportchilarimiz ”Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.
E’tirof va rag‘bat yangi muvaffaqiyatlarga olib keladi. “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan boks bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Abdullayev, gimnastika bo‘yicha jahon kubogi sovrindori, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Taxmina Ikromova, “So‘g‘diyona-W” professional futbol klubining ayollar jamoasi a’zosi Nafisa Nabiqulova, shashka bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi Charos Balikova singari yoshlarimizga ko‘rsatilgan e’tibor ularga va ularning jamoadoshlariga, do‘stlariga kelgusi musobaqalardagi g‘oliblik yo‘llari charog‘on bo‘lishiga zamin hozirlashi shubhasiz.

Bokschimiz Ruslan Abdullayev, gimnastikachimiz Taxmina Ikromova shu kunlarda yana 3-4 oy oralig‘ida bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida munosib qatnashishga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsa, Nafisa Nabiqulova “So‘g‘diyona-W” tarkibida xalqaro musobaqalarga, matonatli shashkachi qizimiz Charos Balikova xalqaro sport maydonida O‘zbekiston qizlarining irodali ekanliklarini ko‘z-ko‘z qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu e’tirof, bu mukofot ularning sport faoliyati yanada yorqin g‘alabalarga boy bo‘lishini ta’minlashi, mamlakatimiz kelajagining bunyodkorlari yoshlarimiz orasida yanada kengayishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli sanaladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA