E’tirof va e’tibor yangi marralar sari chorlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tasviriy san’at fakulteti 1-bosqich talabasi Fazliddin Anvarov yuksak e’tirof – «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Mazkur institut rektori Nodirbek Sayfullayev yosh iqtidor egasi bilan uchrashib, uni yuksak mukofot bilan muborakbod etdi. Uchrashuvda yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun mamlakatimizda keng imkoniyatlar eshigi ochilgani, o‘z navbatida, yoshlar ham bu imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarurligi qayd etildi. Zero, mana shunday azmu shijoatli yoshlar Yangi O‘zbekiston san’atini dunyoga tanitishi aniq!
Uchrashuvda "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi Fazliddin Anvarov mukofotni qo‘lga kiritishida institutning hissasi katta ekanini aytib, ustozlariga minnatdorchilik bildirdi.
— Bugun juda ham hayajondaman, - dedi F.Anvarov. - Bunday yuksak mukofotga sazovor bo‘lish hamda Prezidentimizning shaxsan o‘zlaridan mukofotni qabul qilib olish menga ulkan quvonch baxsh etdi. Mukofot ijodiy barkamollikka erishishim, yanada katta marralarni zabt etishimda kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi. Yoshlarga shunday yuksak ishonch bildirilgan, ularning iste’dod va intilishlari doimo qo‘llab-quvvatlanadigan go‘zal yurtda yashashning o‘zi ulkan baxt, tuganmas boylik. Davlatimiz rahbarining ushbu yuksak ishonchini oqlashga va’da beraman.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasining yoshlar sho‘basi a’zosi bo‘lgan yosh iqtidor egasi o‘zining tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishidagi iste’dodini yurtimiz va jahon miqyosida namoyon etib kelmoqda. Jumladan, 2019 yilda bo‘lib o‘tgan an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivalida faxrli 1- o‘rin qo‘lga kiritgan.
Xalqaro miqyosda esa turli yillarda Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro “Petrovskiy paradiz”, “Severnaya Venetsiya”, “Rojdestvenskiye zvyozdы”, “Vыsokoye Masterstvo” va “Art-Nova”, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan “PARIS,-LA VILLE DU FESTIVAL”, Afina shahrida bo‘lib o‘tgan “FLY DOLPHIN”, Daniyada bo‘lib o‘tgan “PEACE AND FRIENDSHIP”, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Ya vыbirayu svoy put", “Radost Planetы”, “Energiya tvorchestva”, “Ya tak viju” kabi ko‘plab tanlov-festivallarda o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etib, gran-pri va faxrli o‘rinlar sohibiga aylangan.
2019 yilda “Mir vokrug nas YUNESKO” xalqaro loyihasi tomonidan o‘tkazilgan “Akademiya” nomli XIV xalqaro professional tasviriy san’at olimpiadasi rangtasvir yo‘nalishida 15 ta ijodiy ish bilan qatnashdi. Mazkur ishlarning barchasi turli darajadagi 10 ta nominatsiya bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandi hamda tanlovning internet saytiga joylashtirildi.
Shunindek, yosh rassom 2020 yilning 16 mart kuni o‘zining ilk “Parvoz” nomli shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil qilgan va o‘zining ilk ijodiy katalogini nashrdan chiqargan.
Institut rahbariyati Fazliddin Anvarov kabi yoshlar bilan faxrlanadi hamda ular uchun munosib sharoitlar yaratishni oldidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilagan. Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini, yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi O‘zbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.
N.Usmonova,
O‘zA