E’tibor va e’tirof yangi g‘alabalarni ta’minlaydi
Mustaqillik bayrami arafasida sport ta’limi sohasi rivoji yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan murabbiylarga, professor-o‘qituvchilar, mutaxassislarga, shuningdek, matonat va iroda sohiblarini bir maqsad yo‘lida jipslashtirgan paralimpiya harakati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh soha vakillariga yuksak e’tibor va e’tirof ko‘rsatildi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Sport akademiyasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi kabi qator sport tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlarni sportga jalb qilish, shuningdek, Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilish yo‘lida samarali faoliyat olib borayotgan sport sohasi vakillari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimlarida ishtirok etgan mutasaddilar ushbu yuksak e’tirof mamlakatimizda sport va ta’lim sohasini rivojlantirish, yosh avlodni jismonan barkamol va vatanparvar etib tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mutaxassislar, ko‘pga ibrat namunasini namoyon etayotganlarning mehnatiga berilgan yuksak bahoning ifodasi bo‘lganini ta’kidladi.

Bayram tadbirlarida so‘z olganlar qisqa fursatda O‘zbekiston sport infratuzilmasi davlatimiz rahbarining ko‘rsatmasi va yo‘l-yo‘riqlari asosida dunyoning eng rivojlangan davlatlari darajasiga chiqqanini e’tirof etdi.

Davlatimiz tomonidan sport sohasi rivojiga o‘z mehnati, tashabbuslari va fidoyiligi bilan ko‘p yillar davomida hissa qo‘shib kelayotgan mutaxassislar, murabbiylar hamda soha vakillariga ko‘rsatilgan bu e’tibor yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA