«Estradadan maqomgacha» teleloyihasining 2-mavsumiga start berildi
Maqom – bebaho, ham murakkab san’at.
Uni anglash, asrash burchimizdir. Ma’lumki, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan san’atning turli yo‘nalishlarida ijod qilayotgan taniqli va yosh xonandalar ishtirokida bir qator ijodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalardan biri O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Estradadan maqomgacha» teleshousidir.
«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil yakunida mazkur teleloyihaning birinchi mavsumi bo‘lib o‘tdi. Unda «Nihol» mukofoti sovrindorlari Mashhurbek Raimjonov, Gulasal Abdullayeva, Jasur Mirsagatov, xonandalar Ruxshona Matkarimova, Muxlis Berdiyev hamda Elbek Ahmedovlar ishtirok etib, ikki shart bo‘yicha ustozlar saboqlari asosida milliy-mumtoz qo‘shiqlarni o‘rgandilar. Milliy maqom namunalarini jonli ijroda aytib, mahorat bobida o‘zaro bellashishdi.

Bunda ularga O‘zbekiston xalq hofizi Erkin Ro‘zimatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Nodira Pirmatova, Komila Bo‘riyeva yaqindan yordam berishib, milliy-mumtoz qo‘shiqlarimiz namunalari bo‘lgan bastakorlik asarlari hamda «Tanavor»larni o‘rgatib bordi.
O‘zbekiston xalq hofizi O‘ktam Ahmedov, O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova hamda mahoratli xonanda Bobur Kenjayevdan iborat Hakamlar hay’ati esa teleloyiha shartlari asosida ishtirokchilarning ijrolariga baho berishdi.
Bugun «Estradadan maqomgacha» teleloyihasining ikkinchi mavsumi uchun tayyorgarlik jarayonlari boshlandi. An’anaga ko‘ra, bu gal ham olti nafar ishtirokchi xonanda ustozlardan milliy-mumtoz qo‘shiqlarni o‘rganadi.
Iste’dodli xonanda Feruza Egamova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Pirmatova hamda ustoz san’atkorlar bilan teleloyihaning birinchi sharti bo‘yicha bastakorlik asarlaridan birini o‘rganishga kirishdi. Loyiha milliy san’atimiz targ‘ibotiga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Usmonova, O‘zA