Estoniyada NATO o‘quv mashqlari boshlandi
NATOning Furious Wolf ("Darg‘azab bo‘ri"), deb nom berilgan o‘quv mashqlarida Shimoliy alyansning harbiy samolyotlari qatnashmoqda, deb xabar qiladi Estoniya mudofaa qo‘shinlari Bosh shtabi.
Boltiq dengizi mamlakatlarida yiliga ikki marta o‘tkaziladigan Furious Wolf harbiy mashqlari havo va yerdagi amaliyotlarni bir-biriga muvofiqlashtirish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan.
Mashqlar Litvaning Shaulyaye aviabazasida va Estoniyaning Tapa harbiy shaharchasida hamda Rakvere shahri atrofida o‘tkazilmoqda.
“Unda Italiya harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari ishtirok etmoqda. Keyingi haftada Germaniya harbiy havo kuchlarining Eurofighter Typhoon jangovar samolyotlari ham mashqlarga qo‘shiladi. Ular hozirda Tallin yaqinidagi Emari aviabazasida turibdi”, deyiladi xabarda.
Boltiq dengizi mamlakatlari havo mudofaasiga asqotadigan samolyotlarga ega emas. Shu bois 2004 yildan boshlab, (NATOga a’zo bo‘lgandan keyin) ushbu mamlakatlar havo kengliklarini Shimoliy alyans samolyotlari qo‘riqlab kelmoqda.