Dunyo bo‘ylab bolalarning internetga kirishi cheklanmoqda
Raqamli texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi va ijtimoiy tarmoqlarning kundalik hayotimizga chuqur kirib borishi global miqyosda yosh avlodning ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kiberbullinglar, ekran qaramligi, maxfiylik yo‘qolishi va yoshga mos kelmaydigan kontentlar oqimi butun dunyo hukumatlarini qat’iy choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.
Turkiyada e’lon qilingan va 1-noyabrdan kuchga kiradigan yangi qoidalar bu boradagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Resmi Gazete ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi, 15 yoshdan oshgan o‘smirlar uchun esa hisoblar avtomatik ravishda "yopiq" rejimda ishlaydi va ota-onalar nazorati tizimlari joriy etiladi.
Biroq, bu ko‘rsatkichlar alohida voqelik emas. So‘nggi davr tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, butun dunyo bo‘ylab bolalarning raqamli makondagi harakatlarini qonuniy tartibga solish global tendensiyaga aylandi. Misol uchun, Avstraliya bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha eng qat’iy choralarni birinchilardan bo‘lib amaliyotga tatbiq etdi. Qabul qilingan "Online Safety Amendment" qonuniga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarga TikTok, Instagram, X (Twitter) va YouTube kabi yetakchi platformalarda akkaunt ochish hamda ulardan foydalanish taqiqlangan.
Xitoyda 18 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilar uchun internet platformalarida (masalan, Douyin — TikTok’ning mahalliy versiyasi) qat’iy vaqt cheklovlari mavjud. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kunlik foydalanish vaqti 40 daqiqa bilan cheklangan bo‘lib, soat 22:00 dan 06:00 gacha o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlar va onlayn o‘yinlardan foydalanishi avtomatik bloklanadi.
Yevropa mamlakatlari bolalar va o‘smirlarning shaxsiy ma’lumotlarini muhofaza qilish hamda mas’uliyatli raqamli muhit yaratish yondashuvini ilgari surmoqda. Qonunchilik texnologik gigantlar zimmasiga bolalarni zo‘ravonlik va zararli materiallardan himoya qilish majburiyatini qo‘yadi. Qoidabuzar platformalar yillik global daromadining 10 foizigacha miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Fransiyadagi "Raqamli balog‘at yoshi" qoidalariga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishi uchun ota-ona roziligi va tasdiqlangan yosh tekshiruvi talab qilinadi. Yevropa Ittifoqi hududida 13–16 yosh oralig‘idagi o‘smirlarning shaxsiy ma’lumotlarini ota-onasi ruxsatisiz qayta ishlash qonunan taqiqlanadi.
AQSHda ham umummilliy taqiq yo‘q. Lekin 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi va 17 yoshgacha bo‘lganlar uchun kontentni cheklovchi qonun loyihasi Kongressda hozircha dastlabki muhokama bosqichida turibdi. Shu bilan birga, shtatlar darajasida ayrim cheklovlar joriy etilmoqda. Masalan, Yutada voyaga yetmagan foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘z yoshini tasdiqlashi, ota-onalar roziligini taqdim etishi va ularga o‘z akkauntlariga kirish imkonini berishi kerak.
Ilgari internet texnologiyalarining rivojlanishiga cheksiz axborot erkinligi nuqtai nazaridan qaralgan bo‘lsa, hozirgi kunda u bevosita psixologik salomatlik va milliy xavfsizlik masalasi darajasiga ko‘tarildi. Xalqaro tajriba shuni anglatadiki, kelajakda bolalarni raqamli tahdidlardan muhofaza qilish faqat ota-ona nazorati bilan cheklanib qolmay, davlat qonunchiligi va IT-kompaniyalarning huquqiy mas’uliyati uyg‘unligida amalga oshiriladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA