Eron yetakchilaridan biri BAA rahbarlari bilan tushgan surati sabab terma jamoadan chetlatildi
Hujumchi Sardor Azmun ijtimoiy tarmoqlarda BAA rahbarlari bilan tushgan suratini e’lon qilgani uchun Eron terma jamoasidan chetlatildi. Bu haqda Football Transfers nashri Fars agentligiga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Azmun BAA yetakchilari bilan tushgan suratiga: «Dunyodagi eng buyuk aql egalaridan biri bilan uchrashuv men uchun katta sharaf va zavq bo‘ldi», — deya izoh qoldirgan.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, hujumchi nafaqat milliy terma jamoa tarkibidan chiqarilgan, balki unga nisbatan yuridik choralar ham ko‘rilishi, jumladan, mol-mulki musodara qilinishi ehtimoli bor.
31 yoshli Azmun Eron milliy terma jamoasi safida barcha turnirlarda jami 91 ta o‘yin o‘tkazib, 57 ta gol va 17 ta samarali uzatmani amalga oshirgan. Eslatib o‘tamiz, BAA AQSHning mintaqadagi asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi.