Eron masalasida Tramp yakkalana boshladimi?
AQSH Kongressining Vakillar palatasi Eronga qarshi harbiy harakatlarni cheklashga qaratilgan rezolyutsiyani ma’qulladi.
Hujjat 215 ovoz bilan qabul qilindi, unga demokratlar bilan birga to‘rt nafar respublikachi ham qo‘llab-quvvatlov bildirdi. Bu jarayon so‘nggi uch oy ichida Donald Trampning Eron bo‘yicha siyosatiga qarshi eng jiddiy siyosiy signallardan biri sifatida baholanmoqda.
Rezolyutsiya Vashingtonning Eron bilan davom etayotgan mojarosida yangi harbiy amaliyotlarni cheklashni nazarda tutadi. Hujjat darhol urushni to‘xtatmaydi, ammo Kongressning pozitsiyasini namoyon etuvchi muhim siyosiy qadam hisoblanadi. Palatadagi ovoz berish natijasi e’lon qilingach, zalda olqishlar yangragan.
Tashabbus mualliflari mamlakat aholisi uzoq davom etayotgan mojaro oqibatlaridan charchaganini aytmoqda. Ular yoqilg‘i narxlarining oshishi va kundalik xarajatlarga bosim kuchayishi urushning iqtisodiy ta’sirini yaqqol ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shu sababli Oq uyni harbiy emas, diplomatik yechim izlashga chaqiruvlar kuchaymoqda.
Rezolyutsiya endi Senat muhokamasiga yuboriladi. Avvalroq yuqori palatada ham bir necha respublikachi senatorlar shunga o‘xshash tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi. Biroq hujjat har ikki palatada qabul qilingan taqdirda ham Tramp unga veto qo‘yishi mumkin.
Oq uy va Davlat departamenti esa bunday qarorlar Tehronga noto‘g‘ri signal yuborishidan xavotir bildirmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio fikricha, Kongress cheklovlari Eron rahbariyatida Vashingtonning qo‘li bog‘lanib qolgani haqida tasavvur uyg‘otishi mumkin. Bu esa muzokaralarga emas, aksincha, keskinlikning kuchayishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Mazkur ovoz berish natijasi AQSHda urush vakolatlari masalasi atrofidagi bahslarni yana avj oldirdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, urush e’lon qilish huquqi Kongressga tegishli bo‘lsa-da, prezident Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni sifatida keng vakolatlarga ega. Shu bois rezolyutsiya qabul qilinsa, bu masala yangi huquqiy tortishuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA