Erganakli aholisi Konigil tajribasini o‘rgandi
Samarqandda aholi bandligini oshirishga qaratilgan turizm o‘quv kurslari tashkil etildi.
Joriy yilda Samarqand viloyatida turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 14 ta mahallaga turizm qishlog‘i (mahallasi) maqomini berish, 53 ta mahallada yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, 264 ta mehmon uyi va boshqa turistik joylashtirish vositalarini yaratish ko‘zda tutilgan. Bu borada har bir mahallaning imkoniyatlaridan kelib chiqib, dasturlar, yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, amaliy ishlarga kirishilgan.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat turizm boshqarmasi tuman va shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda turizm sohasi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etmoqda.
Navbatdagi shunday ko‘rgazmali amaliy seminarda Bulung‘ur tumani Erganakli mahallasi vakillari qatnashdi.

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrda qabul qilingan Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashga doir qarori bilan tasdiqlangan dasturda Bulung‘ur tumani Erganakli mahalla fuqarolar yig‘iniga “turizm qishlog‘i” maqomini berish belgilangan – deydi Bulung‘ur tumani hokimi o‘rinbosari A.Bo‘riboyev. – Mazkur loyihani samarali amalga oshirish va ilg‘or tajribalar bilan tanishish maqsadida Erganakli mahallasi yettiligi, turizm sohasida ishlash niyatidagi fuqarolar, tadbirkor va hunarmandlarni viloyatimizning yetakchi turizm markazlaridan biri bo‘lgan Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlog‘i hamda “Samarkand-Bukhara Silk Carpets” gilam fabrikasiga olib kelib, ularning tajriba o‘rganishlariga imkoniyat yaratdik. Viloyat turizm boshqarmasi mutaxassislari va soha mas’ullari tomonidan fuqarolarimizga zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

Bulung‘urliklar Konigil turizm qishlog‘idagi hunarmandchilik ustaxonalari, mehmon uylari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, sayyohlarni jalb qilish uchun qaysi jihatlarga e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri