Erdog‘an: Yevropani qattiq qish kutmoqda
Yevropa davlatlari bu qishda Rossiyadan gaz yetkazib berilishi bilan bog‘liq cheklov tufayli jiddiy qiyinchilikka duch keladi. Bu haqda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Turkiya Yoshlar jamg‘armasi a’zolari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.
“Hozir butun Yevropa “bu qish qanday o‘tadi? degan savolni beryapti”, dedi Turkiya yetakchisi.
Mazkur savolga o‘zi javob berib, “Turkiyada joriy qish energiya manbalari bilan bog‘liq muammo kuzatilmasligini ta’kidladi.
Erdog‘an Rossiya-Ukraina inqirozi haqida gapirarkan, “hozir Anqara mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun vositachilik qilishda yetakchi rol o‘ynayotganini” qayd etdi.