Eng yaxshi tashabbuskorlar g‘olib bo‘ldi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash, ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida Respublika komissiyasi tomonidan e’lon qilingan “Eng namunali ayol ish beruvchi”, “Kasaba uyushmalari laureati”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovlarining Navoiy viloyati bosqichi sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 26 fevralida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish borasida manzilli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida viloyatda 12 ming 827 nafar turmush sharoiti og‘ir, himoyaga muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, “Ayollar daftari” ga kiritilgan edi.
Mazkur ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilashni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga asosan, ikkita asosiy yo‘nalish belgilab olindi.
Birinchi yo‘nalishda ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 ming 263 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ikkinchi yo‘nalish esa moddiy va ma’naviy himoyaga muhtoj 2 ming 564 nafar xotin-qizlarni tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan edi.
Dastlab “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar 9 toifaga ajratildi va ro‘yxatga olingan xotin-qizlarning barchasiga tegishli tartibda amaliy yordam ko‘rsatilib, muammolari hal qilindi. Ularning 5 ming 643 nafari ishga joylashtirildi. 1 ming 202 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitildi. 3 ming 16 nafar opa-singillarimizga tadbirkorlik qilishi uchun kreditlar ajratildi. 492 nafar boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarga salkam 539 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. 71 nafarining esa uylari ta’mirlab berildi.
“Eng namunali ayol ish beruvchi” tanlovida birinchi o‘rinni Qiziltepa tumani “Vang‘ozi xumo tekstil” MCHJ rahbari Shahnoza Samatova, “Eng yaxshi mahalla raisi” tanlovida birinchi o‘rinni Navbahor tumani “Paxtakor” MFY raisi Laziz Jamilov, “Kasaba uyushmalari laureati” tanlovida birinchi o‘rinni Navoiy shahar “Durdon Javohirlari” oilaviy korxonasi rahbari Gavhar Egamova, “Eng yaxshi sektor rahbari” tanlovida birinchi o‘rinni Konimex tuman hokimi Muratxan Egamqulov egalladi.
Shuningdek, “Ayollar maslahat kengashlari”ning faoliyatini o‘rganish bo‘yicha viloyat komissiyasi qarori bilan Karmana tumanidagi “Do‘rmon”, Xatirchi tumanidagi “Miyonqol” mahallalarida tashkil qilingan “Ayollar maslahat kengashi” lari ham o‘z yo‘nalishlarida tanlovning viloyat bosqichi g‘olibi deb topildi.
Barcha tanlov g‘oliblari va sovrindorlari tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
[gallery-3714]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA