Eng ulugʻ, eng aziz ayyomga munosib tuhfa
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi Xalq qabulxonasi va davlat xizmatlari markazi tuman boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi Xalq qabulxonasi va davlat xizmatlari markazi tuman boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Eng aziz, eng ulugʻ ayyom – davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi arafasida yangi binoning foydalanishga topshirilishi 133 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan yuqori chirchiqliklar uchun oʻziga xos bayram sovgʻasi boʻldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, davlat xizmatlari markazi, tuman hokimligi masʼullari, tegishli tashkilot rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va davlat xizmatlari markazlari mamlakatimizda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, ularning ortiqcha vaqt yoʻqotishi va turli idoralar oʻrtasida sarson boʻlishining oldini olishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Bugun “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!”, degan ezgu gʻoyani hayotga tatbiq etishda Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq, kelgusida davlat xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish, markazlar orqali mijozlarga 160 dan ortiq tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlarini koʻrsatish rejalashtirilgan.
Markazda aholi va tadbirkorlarga 17 ta qabul oynasi orqali 100 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Binoda yosh bolali ayollar uchun ona va bola, tibbiy koʻmakka muhtoj odamlar uchun tibbiy yordam xonasi, koʻrsatilgan xizmatlar toʻlovini amalga oshirish uchun bank kassasi mavjud. Markazda tashkil etilgan kichik kutubxona esa navbat kutib turgan fuqarolarning vaqtini mazmunli oʻtkazishga xizmat qiladi.


Markazda elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Ushbu qurilmadan talonni olgan mijoz kutish zalidagi shinam oʻrindiqqa joylashib, bir necha soniyada 5 ta monitor orqali qaysi qabul oynasiga borishi kerakligidan xabardor boʻladi.
– Faoliyatim davomida aholi uchun bunday qulaylikni koʻrmaganman, – deydi tumandagi “Ittifoq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Z.Aytboyeva. – Xushmuomalalik har bir odamning koʻngliga yoʻl topuvchi fazilat hisoblanadi. Ayniqsa, davlat xizmatiga ehtiyoji boʻlgan fuqaroni ochiq chehra bilan, “Keling, nima xizmat?”, deya qarshi olayotgani tashrif buyuruvchilarning kayfiyatini yanada koʻtarishi shubhasiz. Bunday sharoit vaqtimizni tejash bilan birga, davlat xizmatlaridan tezkor va qulay foydalanish imkonini bermoqda.
2018-yilda tuman davlat xizmatlari markaziga jismoniy va yuridik shaxslardan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. 2019-yilning birinchi yarimida esa aholiga 100 dan ortiq xizmat turi boʻyicha 20 mingdan ortiq xizmat koʻrsatilgan.
Yangi binoda shuningdek, tadbirkorlar uchun Bosh vazir qabulxonasi ham ish boshladi.
Maʼlumotlarga koʻra, shu kunlarda Zangiota tumanida ham davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshiriladi.