Eng shijoatli, chaqqon va g‘ayratli yoshlar saralandi
Termiz garnizonidagi harbiy qismda “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa va Sport vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan bellashuv 18-22 yosh toifasida mahalla yoshlari o‘rtasida jamoaviy tartibda o‘tkazildi.

Musobaqa qatnashchilari turnikda tortilish, orqa bilan yotgan holatdan tanani ko‘tarish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq va yaqin masofalarga yugurish, “AK-74” avtomati qurolini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, pnevmatik quroldan o‘q uzish kabi oltita tur bo‘yicha o‘z mahorati va jismoniy, harbiy tayyorgarligi, chaqqonligi va aniq nishonga olishini namoyish etdi.

Qiziqarli va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan musobaqada Sariosiyo tumanidagi Nurbuloq mahallasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Bandixon tumanidagi Zevar mahallasi yoshlari ikkinchi, Termiz shahridagi Eski shahar mahallasi jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘oliblarga bellashuv tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Musobaqaning mamlakat bosqichida eng yuqori natijaga erishgan jamoa a’zolari oliy harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga egalik qiladi. Shuningdek, finalda birinchi o‘rinni egallagan jamoa mahallasiga namunaviy universal sport maydonchasi, ikkinchi o‘rin sohibi mahallasiga strit-vorkaut maydonchasi, uchinchi o‘rin sohibiga esa vorkaut maydonchasi qurib beriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri