Eng muhim loyihalarga grant ajratildi
Buxoroda xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti ajratish bo‘yicha birinchi va ikkinchi tanlovlar hamda davlat ijtimoiy buyurtmasi tanloviga qabul qilingan loyihalar g‘oliblariga sertifikat topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimligining mas’ullari, ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, grant g‘oliblari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Yig‘ilishni ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining raisi, Oliy Majlis senati a’zosi Abira Huseynova boshqardi.
Ta’kidlanishicha, e’lon qilingan davlat granti ajratish bo‘yicha birinchi va ikkinchi tanlovlar hamda davlat ijtimoiy buyurtmasi tanloviga jami 20 ga yaqin NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlaridan loyihalari qabul qilindi. Shu jumladan, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda NNTlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘tkazilgan davlat granti birinchi tanloviga 8 nafar fuqarolik jamiyati institutlaridan 10 ta loyiha qabul qilindi.
Ularning 8 tasi NNTlardan, 2 tasi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan taqdim etilgan.
“Aholining huquqiy ongi, inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda jamoatchilik nazoratini tashkil etish” mavzusida o‘tkazilgan davlat granti 2-tanloviga 5 nafar fuqarolik jamiyati institutlaridan 5 ta loyiha va 2 ta davlat tashkilotidan 2 ta loyiha qabul qilingan.
[gallery-3179]
Ishchi guruhining o‘rganishlari natijasida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda NNTlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi davlat granti bo‘yicha NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 4 ta loyihalarini 158,9 million so‘mga, “Aholining huquqiy ongi, inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda jamoatchilik nazoratini tashkil etish” mavzusida tanlovning 2 ta loyihani 79,7 million so‘mga qo‘llab-quvvatlash tavsiya etildi.
“Turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash, rivojlantirishga ko‘maklashish hamda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlikni ta’minlash” mavzusida davlat ijtimoiy buyurtmasiga o‘tkazilgan tanlovda fuqarolik jamiyati institutidan 1 ta loyiha qabul qilindi.
“Buxoro viloyatida jismoniy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan ayniqsa eshituvi zaif kishilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlari to‘g‘risida xabardorligini ta’minlash” mavzusida davlat ijtimoiy buyurtmasiga o‘tkazilgan tanlovda 1nafar fuqarolik jamiyati institutidan 1ta loyiha qabul qilindi.
Komissiyaning o‘rganishlari natijasida “Buxoro viloyatida jismoniy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan ayniqsa eshituvi zaif kishilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlari to‘g‘risida xabardorligini a’minlash” mavzusida o‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasiga 100 million so‘mga, shuningdek, “Turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab avaylashga,rivojlantirishga ko‘maklashish hamda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlikni ta’minlash” mavzusida o‘tkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasini 100 million so‘mga qo‘llab-quvvatlash tavsiya etildi.
–Loyiham xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali ularning bandligi ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga qaratilgan edi, – deydi “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi rahbari Dilbar Axmedova. – Bugun komissiya qaroriga asosan loyiham 40 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi. Bundan juda xursandman. Mazkur loyiha asosida oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirib, xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etishga kirishamiz.
Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish jarayonida ijtimoiy sheriklik doirasida samarali ma’naviy-marifiy va targ‘ibot-tashviqot choralarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Ko‘rsatkichlari yuqori yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, turli millatlar madaniyatini aholi orasida targ‘ibotini amalga oshirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazishga hamda eshituvi zaif kishilar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA