Eng kuchli yosh rapirachilar aniqlandi
Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yigitlar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Paxtakor qilichbozlik zalida o‘tayotgan mazkur musobaqaning rapira yo‘nalishida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Mazkur musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 80 nafardan ziyod sportchilar O‘zbekiston kubogi bahslarida ishtirok etdi. Bellashuvlarning yakkalik bahslarida Muhammadyusuf Asranov (Toshkent v.) va Rada Qosimova oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Juftlik yo‘nalishida Andijon 1 jamoasi bosh sovringa ega chiqqan bo‘lsa, Toshkent 1 jamoasi ikkinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikdan esa Toshkent 2 va Farg‘ona jamoalari o‘rin oldi. Qizlar o‘rtasida esa Toshkent 1 jamoasiga teng kela oladigani topilmadi. Shuningdek, Farg‘ona 1 va Farg‘ona 2 jamoalari kuchli uchlikdan joy oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA