Eng faol yoshlar yetakchisi aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Toshkent shahridagi muassasa hamda harbiy qismlardagi Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari o‘rtasida «Yilning eng faol yoshlar yetakchisi» ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar xususida ma’ruzalar tinglandi.

Tanlov davomida ishtirokchilar she’riy chiqishlar, viktorina o‘yinlari va savol-javoblar orqali o‘z bilimlarini namoyish etishdi.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi katta leytenant Firdavs Karimov mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi. Qurolli Kuchlar Akademiyasidagi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi, kapitan Boburmirzo Soliyev ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, katta leytenant Temur Xidirovga uchinchi o‘rin nasib etdi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA