Eng buyuk ta’zim
Muhammad Yusuf bilan bizni bog‘lab turadigan jihatlar ko‘p edi. Bittasini aytay.
Bizni yurt - vodiy bog‘lab turardi. Ba’zan yonma-yon yashab, ishlab, oylab ham ko‘rishmay ketardik. Lekin vodiyga, qishloqqa boradigan bo‘lsak, bir-birimizni qidira boshlardik. Keyin-keyin shu haqda ko‘p o‘yladim, nega aynan yo‘lga chiqayotganda bir- birimizni qidirib qolardik? O‘zimni o‘zim har xil javoblar bilan chalg‘itib ham ko‘raman, «Ha endi, tug‘ilgan joylarimiz ancha yaqin», unday desam, unda ham, menda ham tug‘ilgan joyimizning o‘zidan bo‘lganlar qancha? Umumiy tanishlar ko‘p, shu boismikan?
Yo‘lda kutib oladigan yaqinlarimiz aksariyati bir. Shundanmikin?Doim qishloqqa jo‘naganda vazmin tortib, o‘ychan bo‘lib qolaman. Shoir ham aksar yo‘lga chiqqanda dovonning ikki cheti - tog‘larga tikilgan ko‘yi xayol surib ketardi. Ba’zan dovondan oshguncha churq etmay borardik. Ustiga-ustak ikkalamiz ham ko‘p gapiradiganlarni yoqtirmasdik. Balki yo‘lda bir-biriga halal bermaydigan sherik bo‘lsam kerak, deb o‘ylab qolaman hozir. «Patirda to‘xtaymiz» deb qo‘yardik safarning boshida. Dovondan tushib, Namangan tomonga burilganda «Qo‘qon patirlar bozori» bor.Odatda, Muhammad Yusuf menga ham, o‘ziga ham o‘nta- o‘nta har xil patir olardi. Pul to‘lamoqchiligimni ko‘rib, «qaytishda siz» deb qo‘yardi xiyol kulib. Men «baribir emasmi» deya rozi bo‘lardim. Qaysidir bir gal qaytishda «Onangizga patirlar yokdimi» deb qoldi. Shoshib «Ha, albatta», dedimu o‘ylanib qoldim. Demak, har gal u mening onamga non sovg‘a qilarkanu men biron marta ham... «Keyingi gal almashamiz, men qishloqqa, siz Toshkentga non olamiz», deb kelishib oldik. Lekin keyingi gal nasib qilmadi...Yoshligimdan adabiyotga, she’rga havasim zo‘rligi uchun jurnalist bo‘laman deb niyat qilgandim. Birinchi yili yiqilib, ikkinchi yili o‘qishga kirganman.
Usha yili inshodan bitta «5» baho chiqib, u ham menga nasib qilgandi. O‘qishga kirib, qushdek uchib uyga borsam hamma tabrikladi, lekin otam so‘rashmadilar ham. 5-6 olti yil shu arazdan tushmadilar. O‘qishni bitirib, yoshlar gazetasida ishlab yurdim. Kun-kunora maqolam chiqadi. Xatlar ola boshladim, nomim ancha tanilib qolgandi. Muhammad Yusufning «Do‘ppi yo‘qmi boshga loyiq yo Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq» she’rining birinchi satrini sarlavha qilib bir maqola yozdim.
U kezlarda qayta qurish, oshko ralik boshlangan, o‘zlik, milliy qadriyatlar haqida yozila boshlagan edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu borada bizning gazeta oldingilardan edi. Xullas, dadam opalari Roziya ammam bilan Yunusoboddagi ijara kvartiramizga kelib qolishdi. Bozor-o‘char, sovg‘a-salom. Meni quchoqlab, do‘ppi kiygizdilar. Ko‘zlarimdan yosh chiqib ketgandi o‘shanda.Bu otamning meni jurnalist sifatida tan olgani ekan. Xuddi o‘shanday yana bitta do‘ppini tugundan olib, uni «shoir o‘rtog‘ing Muhammad Yusufga kiygi- zamiz, chaqir» dedilar. U paytlarda qo‘l telefon yo‘q. Uyiga sim qoqsam, ijodiy safarda ekan. «Mayli, ertaga biz ketamiz, o‘zing kiygizib qo‘yarsan», dedilar. Bir hafta-o‘n kun o‘tib shoir Toshkentga qaytgach, otamning topshiriqlarini bajardim. Xursand bo‘lganini aytmaysizmi, bir necha kun boshidan qo‘ymay yurdi. «Meni otam bilan yarashtirgansiz» deb ba’zan hapqirib bag‘rimga tez-tez bosardim shoirni. Uning vafotidan ancha o‘tib otam yana Toshkentga kelganlarida «fotihaga olib borib kel» deb qoldilar. Ancha vaqt o‘tgan, bir yog‘i «domchilik», qanday olib boraman deb o‘zimni u yoqqa-bu yoqqa tashlaganimda xafa bo‘lgandilar. Hozir 80 dan oshganlar, kelsalar tanish-bilish, hatto eshitgan-bilganlarning ham oilasida biror kim o‘tgan bo‘lsa, fotihaga olib bor deb turib oladilar. Amallab chalg‘itaman, lekin ichim xijil bo‘ladi.
Keyinchalik noshir bo‘lib ketdim. Buni eshitgan shoir bir kun atay kelib tabrikladi. «Yo‘limiz bir ekan - men ham oldin gazetada, keyin nashriyotda ishlaganman», - dedi. - «Ha endi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatasiz», deb kulishdik. Ko‘rishganimizda, tabiiyki, gap noshirchilikka taqalardi. Keyin har uchrashganimizda men yaqinda chiqqan bironta kitobni olvolardim. Uni muhokama qilardik. Yaxshi-yomon joyini gaplashardik. Bir gal: «Saylanma» seriyasini tashkil qilish kerak,» - deb qoldi u. Men «Qanday bo‘larkin, bu katta ish, hech bir nashriyot jazm qilolmagan bo‘lsa», deb sal paysalladim.- Hech kim qilmagan ishni qilish kerak-da, «Sharq» qilmasa, kim qiladi, - deb turib oldi u. Bir hafta-o‘n kun shu xayol bilan yashadim. Oxiri bu fikr o‘zimda ham qat’iylashdi. Uchrashib, rejalar tuza boshladik.
Turkumni ochib beradigan shoirlar ro‘yxatini saraladik. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shavkat Rahmon, Usmon Azim... Shu zayl ishlar yurishib ketdi. «Saylanma» o‘quvchilarga ma’qul bo‘ldi.U uyushmada, men nashriyotda. Ishxonalarimiz orasi bir qadam. Tushlik «Sayilgoh»da.Bir kuni gap boshladim:- Saylanmalar ro‘yxati tugab qoldi, endi nima qilamiz?- Chiqqanlarini ayting-chi, bir-bir eslaylik avval.Men kitoblari chiqqan besh-olti shoirlarni aytdim.- Katta ish bo‘libdi, qarang-a, birpasda.- Qanaqa birpas, uch-to‘rt yil bo‘ldi shungayam. - Vaqt o‘tishini qarang-a, - deb o‘ylanib qoldi Muhammad. Menga ayni shu joyi kerak edi.- Ha mayli, siz qiynalmang. Keyingi muallif masalasi rahbariyat tomonidan hal qilindi, - dedim yuzimga rasmiy tus berib.- Yo‘g‘-ye, kimakan bu baxtli odam? - hayratlandi shoir.- Muhammad Yusuf.- Qaysi Muhammad Yusuf?-Men boshqasini bilmayman, siz-da. Lekin bu gap mendan emas, kattalardan chiqdi.Shoir birpas o‘ylanib qoldi.
Ayrimlarga o‘xshab soxta kamtarlik, oliftagarchilik qilgani yo‘q. Rosmana o‘ylanib qoldi. Zero, u paytda shoir uchun kitob chiqarish muammo ham emas edi. Lekin o‘quvchi oldidagi mas’uliyat, saylanmaning zalvori, yuki bosdi, chog‘i. Men unga xalaqit bermaslik uchun, chalg‘itmaslik uchun ovqatdan bosh ko‘tarmadim. Bir ozdan keyin shoir menga qarab «qanday bo‘larkin-a» dedi.- Mana qarab turing, zo‘r bo‘ladi, - dedim o‘rnimdan turib. O‘sha paytdagi Muhammad Yusufning bitta gapi hech esimdan chiqmaydi. «Lekin bu ishning azobi ham bor.
Chunki shoir xalqi borki, hammasi o‘zini geniy biladi. Hamma bir kun o‘z «Saylanma» kitobini chiqargisi keladi. Bu orzuda ularni ayblab bo‘lmaydi... Shundayam saylash kerak, saralash kerak, lekin dilini og‘ritmaslik kerak shoirlarni». Keyin stoldagi salfetkaga nimadir yozdi, menga uzatdi. «Gir yugurib aylanma, Borini qil «Saylanma». Bu o‘shanaqalarning ishi. Shundan ehtiyot bo‘lish kerak.» Bunday «salfetka she’rlar» keyin ham bo‘lib turdi. U kezlar xayolimga ham kelmagan, bo‘lmasa yig‘ib qo‘ymasmidim. Bu endi 2000 yilning boshlari edi. Tezda kitob ham chiqdi. Chindan ham zo‘r kitob bo‘ldi. Qo‘lma- qo‘l o‘qildi. Besh-olti marta qayta nashr qilindi. Noshirchilik statistikasidan xabardor kishi sifatida bir ma’lumotni aytay - keyingi yillarda faqat ikkita kitob eng ko‘p qayta nashr kilindi. Bu O‘tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar»i va Muhammad Yusufning «Saylanma»si.Keyinroq shum xabar tarqaldi. Aeroportga yetib bordik. Andijonga uchdik. Shahar aeroportidan mikroavtobuslarga o‘tirib, shoirning qishlog‘iga jo‘nadik.
Bir hol aniq-tiniq ko‘z oldimda. Qishloqqacha qancha yo‘l, uning ikki tomonida keksayu yosh, o‘quvchiyu dalachi, hamma chiqib olgan, kimdir ko‘lini «xayr» qiladi, kimdir yig‘layotgan, nima qilish kerakligini bilmay garang qotgan qancha. Lekin bir cholning holati hamon esimda. Yergacha egilib, qayta-qayta ta’zim qilardi. Avvaliga hayron bo‘ldim. «Nega ta’zim qiladi?» O‘tib ketgach ham mashina orqa oynasidan qaradim. Hamon ta’zim qilardi. So‘ng o‘ylab qoldim. Mashina odamning oldidan bir lahzada o‘tib ketadi. Na gapira oladi, na yig‘lay oladi. Bag‘riga bosolmasa. Mashinaga yugurib chiqolmasa. Bunday sharoitda cholning yo‘li eng to‘g‘ri yo‘l degan xulosaga keldim. Chunki u ta’zim qilayapti. O‘z shoiriga, dardlarini qog‘ozga tushirgan dardkash shoiriga ta’zim qilayapti. Balki dunyodagi eng buyuk ta’zim ham shudir. Mening shu cholga havasim keldi.
2014 yil
Ahror AHMEDOV
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist