Energetika tizimida ustuvor vazifalar belgilab berildi
Energetika vazirligida yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, energetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatda elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud infratuzilmaning ishonchli ishlashi hamda iste’molchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yoz mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan elektr tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli faoliyatini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish, ta’mirlash ishlarini sifatli tashkil etish hamda tezkor brigadalarning doimiy shayligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Xususan, Toshkent shahrida kuzatilgan avariyaviy uzilishlar yuzasidan maxsus komissiya faoliyat boshlagani ma’lum qilindi. Komissiya avariyalar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlarining sifati hamda avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini o‘rganib, tegishli xulosalar taqdim etadi.
Yig‘ilishda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, koll-markazlar faoliyatini yanada takomillashtirish va avariyaviy holatlar haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, eskirgan uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash hamda belgilangan tejamkorlik ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish ishlarining borishi ham ko‘rib chiqildi. Bu borada qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlamayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, qarzdorliklarni kamaytirish yuzasidan ta’sirchan choralarni amalga oshirish topshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi yig‘ilishning eng muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, sohada korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz muhit shakllantiriladi. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan barcha xodimlar tizimdan chetlashtiriladi. Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tizim korxonalari rahbarlarini to‘liq attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni muntazam tahlil qilish va ularning oldini olishga qaratilgan takliflarni ishlab chiquvchi maxsus Kengash tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham muhokamaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Elektr va gaz infratuzilmasini o‘z vaqtida ta’mirlash, avariyaviy zaxiralarni shakllantirish hamda aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatiga alohida urg‘u berildi. Qayd etilganidek, kelgusi yig‘ilishlarda, eng avvalo, berilgan topshiriqlarning ijrosi, erishilgan amaliy natijalar va har bir rahbarning shaxsiy javobgarligi tanqidiy baholanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA