Endi ular bayramni o‘z uylarida nishonlashadi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayrami arafasida Xo‘jaobod tumanida 6 nafar uy-joyga muhtoj ayolga yangi uy-joylar topshirildi.

Tuman hokimi O‘tkirbek Shukurov, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tumandagi Mustaqillikning 30 yilligi mahallasida barpo etilgan ko‘p qavatli uylardan ajratilgan xonadonlarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar barchani Bosh Qomusimiz qabul qilinganligining o‘ttiz yilligi bilan hamda yangi uy sohibalarini muborakbod etdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qiyin sharoitlarda yashayotgan ayollarning muammolarini bartaraf etish, ularga ko‘maklashish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Xo‘jaobod tumanida qiyin sharoitlarda yashayotgan, uy-joyga muhtoj bir guruh ayollarga yangi uylar topshirilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.

Chimbuloq mahallasidan bo‘lgan Guluzro Rasulovaning ota-onasi o‘tib ketgan, uy-joyi yo‘q. Shu bois, voyaga yetmagan farzandi bilan turli joylarda ishlab, o‘zi ishlagan korxonaning qorovulxonasida yashab kelayotgan edi.
Tuman hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi ko‘magida u endi o‘z uyiga ega bo‘ldi.
– E’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi, – deydi G. Rasulova. – Men kabi ota-onasiz qolgan ayollarning boshini silayotgan davlatimizga, mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan barcha insonlarga mingdan-ming rahmat aytaman.

Uzunko‘cha mahallasidagi noturar joyda yashab kelgan Muxiba Pozilova ham yangi uy sohibasiga aylandi.
– Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, – deydi u. – Uy-joyim yo‘qligidan uch nafar farzandim bilan ko‘p sarson bo‘ldim. Boshimdan o‘tgan qiyinchiliklarni eslasam, yuragim orqaga tortadi. Noiloj taqdirimga shu bitilgan ekan. Bugun esa dunyoda mendan baxtli inson yo‘q. Davlatimizning e’tibori tufayli yangi uyli bo‘ldim.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillari obod bo‘lgan yangi uy-joy sohibalari mana shunday ezgu va xayrli ishning boshida turgan insonlarga, Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA