«Endi shifokorlar xonadon a’zosiga aylanadi»
Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati mamlakatimizning turli mintaqalariga borib, hududlarda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning ijrosi bilan yaqindan tanishmoqda.
Bu boradagi muhim vazifalarning hayotga tatbiq etilishini yanada jadallashtirish uchun katta amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amirillo Inoyatov Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bo‘ldi.
Safar Namangan viloyatida yakunlandi. Namanganda ham sog‘liqni saqlash tizimi ishini yangi bosqichga ko‘tarish, ayniqsa birlamchi bo‘g‘in faoliyatini yanada takomillashtirish borasida muayyan ishlar qilinmoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, xalqning tibbiy xizmatdan roziligiga erishish bilan bog‘liq sa’y-harakatlar pirovardida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

Vazirning birinchi o‘rinbosari dastlab To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Shohidon» oilaviy shifokor punktiga tashrif buyurdi. Muassasa jamoasi 8 ming nafardan ziyod aholi salomatligini ta’minlashga mas’uldir. O‘tgan oyda hududda joylashgan uchta mahallada yashovchi fuqarolar tibbiy xatlov va antropometrik o‘lchovlardan o‘tkazilgandi.
OSHP mudiri Mavluda Murodova bu jarayonning yakunlari, ma’lumotlarning jamlanishi va ular asosida salomatlik hamda kasallanish ko‘rsatkichlarining shakllantirilishi haqida so‘zlab berdi. Muloqot chog‘ida Amirillo Inoyatov shifokor va hamshiralarning keyingi bosqichlardagi dolzarb vazifalariga e’tiborni qaratdi.
Shundan keyin faoliyat natijadorligini o‘rganish aholi yashash joylarida davom etdi.
«Guliston» mahallasining "Mustaqillik" ko‘chasidagi xonadonlarga kirildi. 7-uyda yashovchi 65 yoshli Nafisa To‘xtanazarova xonadonida kechgan suhbat chog‘ida mehmonning «Joriy yilda tibbiyot xodimlari deyarli xonadon a’zosiga aylanishadi, chunki endi oilaviy shifokorlar tez-tez uylarga kelib, odamlar salomatligini qat’iy nazoratga olishadi», deganida onaxon g‘oyat to‘lqinlanib ketdi.
- Ming rahmat, aholi sog‘lig‘i uchun shu qadar g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Bunga javoban biz nuroniylar mahallada sog‘lom turmush tarzi, ayniqsa sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni targ‘ib qilishda astoydil faollik ko‘rsatyapmiz, - dedi N. To‘xtanazarova.
A. Inoyatov aholi vakillari bilan uchrashuv paytida sohada kechayotgan yangilanishlar haqida so‘zlab berdi. Mahallada yashovchi faol ayollarning bir guruhiga salomatliklarini tiklash uchun dori-darmonlar to‘plamlari va «Kosonsoy» sihatgohiga yo‘llanmalar topshirdi.

Viloyatga tashrif davomida Namangan shahri va Pop tumanidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyati o‘rganildi. Birlamchi tizim ishini yanada yuksaltirish, aholini to‘liq tibbiy xatlovdan o‘tkazish, bu jarayon shaffofligini ta’minlash va boshqa dolzarb vazifalar ijrosi tahlil etildi. Mavjud muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rildi.
Abdulla G‘OZIEV,
Sanjarbek HAMIDOV olgan surat