El boshiga ish tushganda
Bahor bahorligini qildi – kutilmaganda qor yogʻdi, bir necha kun yomgʻirli boʻldi.
Bugungi harakat ertaning barakasini belgilaydi
Bahor bahorligini qildi – kutilmaganda qor yogʻdi, bir necha kun yomgʻirli boʻldi. Bu ham zaminga baraka. Dehqonchilik uchun, chorva uchun kerak edi.
Kechadan esa yana quyoshli kunlar boshlanib, nafaqat jumlai jahonni, balki koʻngillarni ham ilitdi. Bundayin iliqlik, tabiatda gʻuborlarning yuvilishi har qanday kishi koʻngliga taskin, ertangi kungi umid beradi, insonning gʻayrat-shijoatini joʻsh urdiradi. Ayniqsa, bugungi karantin paytida bu hislarning qanchalik qadrli, ahamiyatli ekanligini har bir inson koʻnglidan oʻtkazayotgan boʻlsa, ajabmas.
Shaxsan men, ulugʻ yoshda boʻlsam ham hovliga chiqib, nabiralarni yonimga olib, nimadir yumushni bajarishga intilyapman, shu orqali ularga namuna boʻlyapman. Men kabi minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun tomorqasida mehnat qilmoqda, yerdan oʻz rizqini topishga intilmoqda.
Aslida ham shunday boʻlishi kerak. Davlatimiz karantin pandemiyasi davrida aholining kundalik oziq-ovqatlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrmoqda.
Shu bilan birga mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqib ketishining oldini olishga eʼtibor qaratmoqda, tadbirkorlar, sanoat korxonalariga imtiyoz va yengilliklar beryapti. Hatto, tomorqasida ekin-tikin qilaman, degan odamlar uchun ham davlat imkoniyat yaratib beryapti. Sizu bizdan talab qilinadigani – kafdekkina boʻlsin, yerimizdan maqsadli foydalanish, avvalo, roʻzgʻorimiz uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish. Agar omilkorlik bilan ish tutib, tomorqadan million-million soʻm daromad qilsak ham bosh ustiga, buning uchun ham imkoniyatimiz bor.
Biz Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi qiyinchiliklarni, hayot mashaqqatlarini koʻrganmiz. Oʻshanda ham xalqimiz ogʻir sinovlarni boshidan kechirgan, tinimsiz mehnat qilgan, tun-u kun ishlagan. Ammo oʻzi gʻalla yetishtirsa-da, meva-sabzavot yoki poliz ekinlari parvarishlasa-da uyiga bir qop don yoki ikki kilo kartoshka, piyoz olib keta olmagan. Hammasi xoʻjalik omboriga topshirilgan. Bugun esa vaziyat oʻzgacha. Yerga mehr berib, rizq manbai deb qaragan odam ham oʻzi oilasi, ham bozor toʻkinligini taʼminlamoqda. Ozgina tomorqasidan katta-katta daromad qilyapti. Albatta, buning qadriga yetish kerak.
Toʻgʻri, bugun davlatimiz, saxovatli xalqimiz ehtiyojmand oilalarni imkon qadar qoʻllab-quvvatlamoqda, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilyapti. Lekin qoʻldan berganga qush toʻymas, degan gap ham bor-da. Yaxshi, toʻkin yashash uchun avvalo har bir insonning oʻzi harakat qilishi , mehnat bilan band boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Peshona teri evaziga topilgan nonning mazasi ham, barakasi ham boshqacha boʻladi.
Nasib etsa, bu sinovli kunlar, tez orada ortda qoladi, xalqimiz yana toʻkin hayot kechirishi, barcha sohada ish davom etishi zarur. Buning uchun, oldimizga qoʻygan katta marralarni egallash uchun bugun har birimiz uyda turib boʻlsa-da oʻzimiz, yurtimizning ertasi uchun harakat qilishimiz lozim.
Hasan NORMURODOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
Oʻzbekiston Qahramoni.