Elektron davlat xizmatlari soni 600 tadan oshdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda “Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Adliya vaziri Akbar Toshqulov javob berdi.
Vazir o‘z ma’ruzasida qayd etganidek, so‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh qilish va raqamlashtirish, aholi bilan davlat idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Joriy yildan davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushirildi. Dastur doirasida davlat xizmatlarini tez va qulay olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Bu orqali ortiqcha tartib-taomillar qisqartirilib, jarayonlar ochiq va shaffof bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Qayd etilganidek, 2025-yilda 184 ming 520 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 232 ming 420 tani tashkil etib, 21 foizga oshgan.
2026-yil 1-yanvaridan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish joriy etilgani orqali tadbirkor biznesini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda hisob raqam ochish, elektron imzo olish, litsenziya va ruxsatnoma olish, virtual kassa mashinalarini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xizmatlardan bir vaqtning o‘zida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Litsenziya va ruxsatnomalar olish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida 161 ta litsenziya va ruxsat berish talablari bekor qilindi. Shuningdek, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yanada soddalashtirildi.
“Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirilgach, ushbu tizim orqali so‘nggi 5 yil ichida qariyb 1,8 mlndan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar berildi. Bu orqali tadbirkorlik sub’ektlarining litsenziya va ruxsatnomalarni olish bilan bog‘liq 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi.
Elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-yilda 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 600 tadan, Yagona portalda 900 tadan, ko‘rsatilgan xizmatlar soni esa 50 milliondan oshdi.
“Hukumat soati”da Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Vazirning ma’lum qilishicha, raqamlashtirish natijasida 28 turdagi xizmatlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda yiliga 11 millionga yaqin xizmatlar avtomatik ravishda ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, 24/7 rejimda davlat xizmatlari sohasidagi savollarga javob berish uchun Odil AI sun’iy intellekt modeli joriy qilindi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda va ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda 150 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinib, ularni davlat organlari va tashkilotlardan “Raqamli hukumat” platformasi orqali mustaqil ravishda olish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirib, davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada osonlashtiradi.
“Hukumat soati”da deputatlar tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi va yakunda kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA