Elektrdan faqat qonun doirasida foydalanish lozim
Energiya resurslaridan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish hamda noqonuniy iste’molga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazayotgan qonunbuzilishlar o‘z vaqtida aniqlanib, ularga huquqiy baho berilmoqda.
Ana shunday nazorat tadbirlaridan biri Bosh prokuratura shtabi tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilib, unda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq yirik holatlar fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishlar oqibatida davlat manfaatlariga jami 1 milliard 927 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Shofirkon tumanida fuqaro “T.N.” ga tegishli suv nasoslari elektr hisoblagichni chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Bu orqali 509 million so‘mlik elektr energiyasi qonunga zid ravishda iste’mol qilingani dastlabki hisob-kitoblarda qayd etilgan.
Nazorat tadbirlari davomida yana bir yirik qonunbuzilish Kogon tumanida aniqlandi. Bu yerda 16 ta ta’lim muassasasiga qarashli suv nasoslari ham elektr hisoblagichni chetlab o‘tgan holda tarmoqqa ulangani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat natijasida davlatga yetkazilgan zararning dastlabki miqdori 1 milliard 418 million so‘mni tashkil etgan.
Ayni paytda har ikki holat yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilib, aybdor shaxslarning javobgarligi belgilanadi.
Elektr energiyasi — butun jamiyat farovonligiga xizmat qiladigan strategik resurs hisoblanadi. Uni talon-toroj qilish yoki noqonuniy iste’mol qilish nafaqat davlat iqtisodiyotiga, balki halol to‘lov qilayotgan minglab iste’molchilar manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har bir fuqaro va tashkilot energiya resurslaridan faqat qonun doirasida foydalanishi, bunday huquqbuzarliklarga murosasiz munosabatda bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Energiya resurslarini asrash — bu nafaqat iqtisodiy zarurat, balki kelajak avlod oldidagi mas’uliyat hamdir. Buxoroda aniqlangan ushbu holatlar esa qonun ustuvorligi ta’minlanayotgani va har qanday noqonuniy harakat, albatta, fosh etilishini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri