Elektr ta’minotini yaxshilash ishlari jadallashmoqda
Elektr energiyasi — bugungi taraqqiyotning eng muhim omili. Xonadonlardagi osoyishtalik, ijtimoiy ob’ektlarning uzluksiz faoliyati, tadbirkorlik va ishlab chiqarish barqarorligi aynan ishonchli elektr ta’minotiga bog‘liq. Shu bois Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida energetika sohasida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar bugun o‘zining amaliy samarasini namoyon etmoqda.
Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohadagi mavjud kamchiliklar tanqidiy muhokama qilingandi. Davlatimiz rahbari mamlakatning ayrim hududlarida elektr tarmoqlari barqaror ishlayotgan bo‘lsa, boshqa tumanlarda avariyalar muntazam takrorlanayotganini ta’kidlab, bu holat nazorat, ijro intizomi va rahbarlar mas’uliyatining bir xil emasligi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi.

Yig‘ilishda keltirilgan raqamlar ham vaziyatning jiddiyligini ko‘rsatdi. Faqat iyun–iyul oylarining o‘zida respublika energotizimida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar ayrim hududlarda 8–10 soatgacha elektr ta’minotisiz qolgan. Har yili yoz va qish mavsumida o‘nlab podstansiyalarda avariyalar yuz berib, yuzlab transformatorlar ishdan chiqmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, energetikadagi asosiy muammo mablag‘ yetishmasligida emas, balki boshqaruv, ijro intizomi va mas’uliyatdadir.

Davlat rahbarining «Tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak» degan qat’iy talabi bugun joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylanmoqda.

Ana shu vazifalar ijrosi doirasida respublikadagi eng muammoli 15 ta hududdan biri sifatida belgilangan Sirdaryo tumanida elektr ta’minotini yaxshilash ishlari jadal davom etmoqda. Elektr uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazilib, ta’mirtalab transformatorlar tiklanmoqda, eskirgan elektr jihozlari zamonaviy uskunalar bilan almashtirilmoqda. Bu esa elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, texnik nosozliklarni kamaytirish va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

Qisqa vaqt ichida 5 ta podstansiyaga qarashli jami 452 kilometr elektr uzatish tarmoqlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 17 ta transformator ta’mirlandi, 10 ta yangi elektr tayanchi o‘rnatildi. Shuningdek, 40 ta gaz hisoblagichi yangisiga almashtirildi.

Amaliy ishlar mahallalar kesimida ham izchil davom etmoqda. Xususan, «Navro‘z» mahallasida ta’mirtalab ahvolga kelgan 7 ta transformator to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida mahallada elektr kuchlanishining barqarorligi ta’minlanib, aholi murojaatlariga sabab bo‘layotgan qator muammolar o‘z yechimini topdi.

— Mazkur ishlar “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi rahbarligida muvofiqlashtirilmoqda. Ayni paytda tumanda jamiyatning 130 nafardan ortiq malakali mutaxassisi, 5 ta maxsus ishchi guruhi va tezkor shtab faoliyat yuritmoqda. Har bir mahalladagi elektr tarmoqlari holati o‘rganilib, aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda, — deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali Ishlab chiqarish texnika xizmati bo‘limi boshlig‘i Erkin Mahmudov.

Mutaxassislar tomonidan har bir mahalladagi elektr xo‘jaligi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, eskirgan tarmoqlar yangilanmoqda, avariyaviy holatlarning oldini olish va elektr tizimining ishonchliligini mustahkamlashga qaratilgan manzilli ishlar davom ettirilmoqda. Bu esa nafaqat bugungi ehtiyojlarni qondirish, balki kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Energetika tizimini modernizatsiya qilish faqat eski uskunalarni almashtirish bilan cheklanmaydi. Bu, eng avvalo, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun barqaror faoliyat yuritishga qulay shart-sharoit yaratish va hududning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash demakdir.

Eng muhimi, Sirdaryo tumanida boshlangan bunday ezgu ishlar bugun viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham keng quloch yozmoqda. Yangilanayotgan elektr tarmoqlari, ta’mirlanayotgan transformatorlar va bartaraf etilayotgan muammolar ortida bitta maqsad mujassam — aholiga munosib turmush sharoitini yaratish. Buning samarasi esa allaqachon odamlar hayotida, ularning kundalik turmushida va tadbirkorlar faoliyatida sezilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri