Eldor Tulyakov: O‘zbekiston va Tojikiston chuqur iqtisodiy integratsiya sari intilmoqda
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida mamlakatlarimiz erishgan asosiy yutuqlar, shu jumladan qo‘shma korxonalar sonining oshishi, yirik transport-logistika va energetika loyihalarining amalga oshirilishi hamda mintaqalararo hamkorlikning rivojlanishi haqida so‘zlab berdi.
Uning qayd etishicha, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek mintaqa iqtisodiyoti va infratuzilmasi integratsiyasiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi.
– Eldor Sobirjonovich, ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar ancha faollashdi. Bu iqtisodiyot va infratuzilma loyihalarida o‘z ifodasini topmoqda. Sizningcha, ushbu yo‘nalishlardagi aynan qaysi yutuqlar hamkorlikni mustahkamlashda eng muhim va namunali hisoblanadi.
– Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi kelishuvlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun institutsional asos yaratdi.
Qo‘shma loyihalar orasida transport-logistika sohasidagi tashabbuslar alohida o‘rin egallaydi. Xususan, Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati 100 million dollarlik 200 dan ziyod ob’ektlar – ishlab chiqarish maydonlari, omborxonalar, mehmonxona va moliya infratuzilmasini o‘z ichiga olgan “Anadarxon” savdo-logistika markazining qurilishi eng yirik loyihalardan biridir.
Shu bilan birga, “Jartepa-Sarazm” va “Oybek-Fotexobod” kabi chegara o‘tish punktlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, chegaraoldi hududlarda yangi logistika makazlarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunday markazlar bir kunda 100 tagacha yuk mashinalariga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Xususan, xalqaro moliya institutlari va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini jalb qilgan holda yuqorida aytilgan o‘tkazish punktlari yaqinida yirik logistika markazini qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, Urgut tumanida yirik yuk oqimlarini boshqarish va chegara tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan logistika markazini barpo etish masalasi muhokama qilinyapti. Multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, sinov tariqasida Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston yo‘nalishida tashuvlarni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda. Bu mintaqaning tranzit salohiyatini kuchaytirib, uni “Yangi ipak yo‘li” tashabbuslari bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
Xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalarning elektron shaklga o‘tkazilishi ham muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Qayd etish joizki, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ulkan transport-tranzit salohiyatiga ega. Tojikistonning transport-logistika tarmog‘i esa mamlakatimiz bilan chambarchas bog‘langan. Demak, infratuzilma imkoniyatlaridan birga foydalanish nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa rivojlanishiga xizmat qiladi.
Energetika sohasida ham o‘zaro hamkorlik mustahkamlanmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi muhim loyihalar qatoriga umumiy quvvati 320 MVt bo‘lgan Yovon va Fandaryo gidroelektr stansiyalarini kiritish mumkin. Bu ob’ektlar yiliga 1,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, elektr energiyasi mamlakatlar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Bu ularni mintaqa energetika sohasidagi xavfsizligining muhim elementiga aylantiradi. Ayni paytda Rog‘un GES bo‘yicha ham hamkorlik qilinmoqda.
– Qo‘shma korxonalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi investitsiyaviy faollik va ishonch oshayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda birga biznes yuritish uchun qaysi sohalar o‘zaro manfaatli hisoblanadi?
– Darhaqiqat, qo‘shma korxonalarning ko‘payayotgani yuksak darajadagi ishonch va qulay investitsiyaviy muhit yaratilganining yaqqol tasdig‘idir. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-fevral holatiga respublikamizda tojik kapitali ishtirokidagi 410 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 102 tasi qo‘shma korxonalar formatida, 308 tasi tojikistonlik hamkorlarning 100 foizlik kapitali ishtirokidagi xorijiy korxonalar sifatida ishlamoqda. Bu ko‘rsatkichlar tojik sarmoyadorlarining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishbilarmonlik faolligi barqaror tarzda ortayotganini ko‘rsatadi. Korxonalarning aksariyati, ya’ni 144 tasi savdo sohasida faoliyat yuritadi. Investitsiyalar tuzilmasini tahlil qilsak, savdo sohasi bilan birga, riteyl, sanoat, qurilish, texnologiya, xizmat ko‘rsatish, turizm, shu jumladan logistika yo‘nalishlari ham investitsiyaviy jihatdan jozibador ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Shuni ham aytish kerakki, 2021-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi biznesni institutsional qo‘llab-quvvatlashda alohida o‘rin tutadi. Ustav kapitali 50 mln dollar bo‘lgan tuzilma (shundan 75 foizi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, 25 foizi “TajInvest” kompaniyasi tomonidan shakllantirilgan) ishbilarmonlik faolligining katalizatori bo‘lib xizmat qilmoqda. Hozirda kompaniya 36 ta ustuvor yo‘nalish, shu jumladan, energetika, sog‘liqni saqlash va bank sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning barqarorligini ta’minlaydi. Hozirgi o‘sish sur’ati savdo hamkorligidan iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qamrab olgan yanada diversifikatsiyalangan va investitsiyalarga yo‘naltirilgan hamkorlikka bosqichma-bosqich o‘tilayotganidan dalolat beradi.
– O‘zbekistonning islohotlar tajribasi, xususan iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyaviy iqlimni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlik modeli Tojikiston bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? Bu borada aynan qaysi natijalarni eng namunali deb hisoblaysiz?
– O‘zbekistonning islohotlar tajribasi, eng avvalo, iqtisodiy ochiqlik, investitsiyalar va mintaqaviy hamkorlik sohasidagi muayyan vositalarni moslashtirish orqali Tojikistonga amaliy ta’sir ko‘rsatdi. Bunga munosabatlarning yaxshilanishi va chegara masalalarining hal etilishi, 2018-yilda ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro tashriflari uchun 30 kungacha bo‘lgan viza rejimining bekor qilinishi bo‘la oladi. Bu savdo hajmining o‘sishi va qo‘shma korxonalar sonining ortishiga olib keldi. O‘tgan yilda O‘zbekistonga chet eldan 11,7 mlnga yaqin, ya’ni 2024-yilga nisbatan 47 foiz ko‘p turistlar tashrif buyurgan. Ular orasida Tojikiston fuqarolari ikkinchi o‘rinni turadi (2,7 mlndan ortiq sayyoh). Iqtisodiy hamkorlikni mahalliy darajada jadallashtirish imkonini bergan chegara hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar mintaqalararo hamkorlik modelining muhim elementi hisoblanadi. Buning samarasida so‘nggi yillarda So‘g‘d va Xatlon viloyatlarining Samarqand va Surxondaryo viloyatlari bilan hududlararo hamkorligi faol rivojlanmoqda.
2021-yilning iyun oyida Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati Boxtar shahrida birinchi Hududlararo investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. 2024-yil 18-aprelda Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida So‘g‘d viloyati va O‘zbekistonning Andijon, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari o‘rtasida hamda Xatlon va Qashqadaryo viloyatlari o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari va yo‘l xaritalari imzolandi.
O‘zbekistonning imtiyozlar, biznesni soddalashtirish va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil qilish orqali investitsiya muhitini yaxshilashdagi tajribasi ham ahamiyatli bo‘lib, bu ikki tomonlama investitsiyalar va qo‘shma korxonalar paydo bo‘lishiga turtki berdi.
– 2017-2025-yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb to‘rt barobarga – 238 mln dollardan 912 mln dollarga oshdi. Shu bilan birga, eksport va import ham o‘sdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmini yanada oshirish istiqbollarini qanday baholaysiz va bugungi kunda tovar ayirboshlashni rivojlantirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?
– O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida savdo hajmini yanada oshirish salohiyati hali to‘liq ishga tushirilgani yo‘q. 2017-2025-yillarda tovar ayirboshlash hajmining qariyb to‘rt barobarga ortishi siyosiy va ma’muriy to‘siqlar bekor qilinishining samarasidir. 2025 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 912 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshdi. Oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida savdo hajmini 2 mlrd dollargacha yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ekspertlarning fikricha, o‘sish sur’ati, eng avvalo, Tojikistonning uchinchi mamlakatlardan importni O‘zbekistonning sanoat (avtomobillar, maishiy texnika, kimyo, to‘qimachilik) mahsulotlari bilan o‘rnini bosishi hisobiga kamida 30-40 foiz darajada saqlanib qolmoqda. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish – chegara hududlarida qo‘shma qayta ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, agrologistika infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar bor. Ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish, oddiy savdodan qo‘shma investitsiyalar modeliga o‘tish va ishlab chiqarish zanjirlarini integratsiyalash ham qo‘shimcha kuch bo‘ladi.
– “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Tojikistonning qaysi tahliliy markazlari bilan hamkorlik qiladi va qaysi qo‘shma loyihalar o‘z natijasini bermoqda?
– “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Tojikistonning tegishli tahliliy va davlat tuzilmalari bilan ekspert va institutsional hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Tojikiston Respbulikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi asosiy sheriklarimizdan biri bo‘lib, Markaz bilan muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek mintaqaviy va global kun tartibdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan qo‘shma xalqaro tadbirlarda ishtirok ta’minlanmoqda.
Ekspertlar uchrashuvlari va muzokaralari tashkil etilmoqda. Xususan, 2019-yilda “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Tojikiston Respbulikasi Prezidentining huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi - Prezidentning parlamentdagi vakili Zarif Alizoda bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, xususan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va axborot almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘tgan yili markazimiz birinchi Farg‘ona tinchlik forumi doirasida hamkorlikda sho‘’ba yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda So‘g‘d viloyati Savdo-sanoat palatasi bosh direktori o‘rinbosari Murodjon Umarov ishtirok etdi. Muzokaralar chog‘ida Markaziy Osiyoda aholi farovonligini oshirish va barqaror tinchlikni mustahkamlash omili sifatida qo‘shma korxonalarni rivojlantirish orqali mintaqada iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishning muhimligi qayd etildi. Shu tariqa, Tojikiston tahliliy markazlari bilan hamkorlik izchil tusga ega bo‘lib, o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
– Yaqin yillar ichida mamlakatlarning iqtisodiy va ijtimoiy hamkorligi qanday darajaga ko‘tariladi deb o‘ylaysiz? Sizningcha, qaysi loyihalar mintaqadagi asosiy tashabbuslardan biri bo‘ladi?
– Yaqin yillarda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik savdo hajmining oshishidan yanada chuqur iqtisodiy integratsiya bosqichiga o‘tishi kutilmoqda. Savdo kooperatsiyasi, import o‘rnini bosish hamda chegara hududlarida investitsiya hamkorligi va qo‘shma ishlab chiqarishni kuchaytirish hisobiga tovar ayirboshlash hajmi yana 30-40 oshishi kutilmoqda. Qo‘shma qayta ishlash korxonalari va agrologistika markazlarining tashkil etish, transport-logistika infratuzilmasi va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish (avto, texnika, to‘qimachilik, kimyo), energetika infratuzilma hamkorligini chuqurlashtirish eng muhim loyihalardan bo‘ladi. Qo‘shimcha tarzda ijtimoiy o‘zaro bog‘liqlik ham kuchayadi. Ya’ni, sayyohlar oqimini oshirish (har yili 2,7 mlndan ortiq Tojikiston fuqarolari) va aviatashuvlarni (reyslarni 10 tagacha) ko‘paytirish barqaror gumanitar va ishbilarmonlik integratsiyani shakllantiradi.
–Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qanday turtki beradi?
– Mazkur tashrif, birinchi navbatda, ikki qardosh va ittifoqchilik munosabatlarini sezilarli darajada kuchaytirib, mintaqaviy hamkorlikka yangicha turtki beradi. Davlatlar rahbarlari o‘tgan uchrashuvlarda hamkorlikning ijobiy sur’atini qayd etishgan edi. Bo‘lajak muzokaralar o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat-energetika va agrar kooperatsiya bo‘yicha loyihalarni ilgari surish, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha muvofiqlashgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalarini o‘z ichiga oladi. Bu ikki mamlakat iqtisodiyotlari va ishlab chiqarish zanjirlarini yanada chuqur integratsiya qilish uchun asos yaratadi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqalararo kun tartibi bo‘yicha fikr almashish Markaziy Osiyo va MDH doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, siyosiy ishonchni mustahkamlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratadi. Shunday qilib, bo‘lajak tashrif ittifoqchilik munosabatlarining ramziy tasdig‘i bo‘libgina qolmay, savdo, sanoat kooperatsiyasi va barqaror mintaqaviy hamkkorlikni jadal rivojlantirish uchun amaliy vosita bo‘ladi.
Aziza Alimova suhbatlashdi, O‘zA