Elchi aholi tomorqalari bilan tanishdi
Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun O‘rta Chirchiq tumanida aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tuman hokimi Ixtiyor Qosimov hamrohligida elchi Do‘stlik mahallasidagi aholi xonadonlarida bo‘ldi. Elchiga aholining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik ekani, tomorqalardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgani aytildi.

Anorboy Xolmatov xonadonidagi 8 sotixlik tomorqasida rediska, piyoz va ko‘katlar ekib, mo‘maygina daromad oladi. Elchi tomorqa egalari bilan suhbatda sabzavot yetishtirishning xitoy tajribasini ommalashtirish, yetishtirilgan mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Mehmonlar mahallada bo‘lib o‘tayotgan “Sumalak sayli”da ham qatnashdi. Ularga o‘zbek milliy taomlari tortiq qilindi. Shundan so‘ng mehmonlar Turkiston mahallasida joylashgan mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mikromarkazda bo‘ldi. Mazkur loyiha uchun ikki gektarga yaqin yer maydoni ajratilgan. Reja bo‘yicha 40 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi hamda mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kunda bu yerda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilayotgan bo‘lib, ushbu mikromarkaz joriy yil sentyabr oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Tuman hokimi obyektlar bo‘yicha ma’lumot berar ekan, bu sa’y-harakatlarda xorijlik investorlar bilan ham hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Suhbat davomida bu borada kelgusida amalga oshirish kerak bo‘lgan vazifalar kelishib olindi.
A. Musayev, D. Ernazarov(surat),
O‘zA muxbirlari