"El-yurt umidi": iqtidorli yoshlar ko‘makchisi
Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati, jamg‘arma tomonidan olib borilayotgan ishlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar-muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati hokimligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Boshqaruv samaradorligini oshirish agentligi viloyat filiali hamkorligida o‘tkazilgan seminar-muloqotda talabalar, magistrlar, yosh olimlar, iqtidorli o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Seminar-muloqotga ZOOM platformasi orqali viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, tuman, shaharlarda tashkil etilgan studiyalar orqali ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘plab yoshlar qamrab olindi.
Seminar ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov keyingi yillarda mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish, ayniqsa, xorijda tahsil olib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun katta imkoniyatlar yaratib berilayotganligini, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi iqtidorli yoshlar va mutasaddilar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sherzod Sharipov jamg‘arma faoliyati va iqtidorli yoshlar bilan ishlash borasida olib borilayotgan vazifalar haqida gapirdi.
Jamg‘armaning Raqamlashtirish va axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Bektemirov “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati, Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmonida belgilangan vazifalar, ularning ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
[gallery-31969]
Darhaqiqat, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish asosida iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni aniqlash, tanlash va xorijdagi nufuzli ta’lim muassasalarida ta’lim olishini tashkil etish, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish singari qator vazifalar “El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
– Jamg‘arma tashkil etilganida bugungi kunga qadar 2 ming 700 nafardan ziyod yurtimiz yoshlari jamg‘arma stipendiati bo‘ldi, – deydi Qahramon Bektemirov. – Hozirda ularning 2 ming nafari tahsilni tamomlab, turli sohalarda faoliyat olib bormoqda, 700 nafari esa ayni paytda nufuzli xorijiy universitetlarda tahsilni davom ettirmoqda.
– Men jamg‘arma stipendiyasi tanlovida g‘olib bo‘lib, magistratura yo‘nalishida Buyuk Britaniyaning Uels shtatidagi Suonsi universitetida tahsil oldim, – deydi Jahongir Abdullayev. – Shu yil yozda o‘qishni tamomlab, o‘zim tahsil olgan Andijon davlat tibbiyot institutining nevrologiya kafedrasida faoliyatimni davom ettiryapman. Ochig‘i, jamg‘arma ko‘magi bo‘lmaganida Angliyada o‘qiy olmas, xalqaro darajada bilim va tajribaga ega bo‘lolmas edim. Buning uchun men kabi minglab yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan jamg‘arma faoliyatidan, xususan, ana shu ishlarning tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman.
Seminar-muloqotda jamg‘armaning ochiq stipendiya tanlovlarini o‘tkazish tartibi, taqdim etiladigan hujjatlar, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, stipendiatlarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun beriladigan imtiyozlar, ajratiladigan stipendiyalar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Jamg‘arma ko‘magida Germaniyaning Kyoln universitetida tahsil olib, bugungi kunda Andijon davlat tibbiyot instituti urologiya kafedrasi dotsenti sifatida samarali ish olib borayotgan Boburjon Ergashev jamg‘arma ko‘magida erishgan yutuqlari haqida gapirdi.
Shundan so‘ng muloqot va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Seminar-muloqot ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga jamg‘arma mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari