El mehri asrasin sizni
Harbiy vatanparvarlik oyiligi doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Marhamat tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan tumandagi davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda “El mehri asrasin sizni hamisha” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Harbiy qism askar va zobitlari, tumandagi umumta’lim maktablarining ijodiy madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari, iqtidorli, ijodkor o‘quvchilar ishtirok etgan tadbirda ona Vatanimizni, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni asrab-avaylash, uni har qanday tahdidlardan himoya qilish, askarlarning sharafli burchi haqida so‘z yuritildi.

– Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi, – deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, leytenant Boburjon Oltiboyev. – Qolaversa, tadbir yoshlarimizning chegara qo‘shinlari, milliy armiyamiz va uning kuch-qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Tadbirda badiiy jamoalar tomonidan ijro etilgan ona yurt, sadoqat, tinchlik va yoshlikni madh etuvchi go‘zal kuy va qo‘shiqlar, o‘qilgan she’rlar ishtirokchilar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Ayniqsa, «Jasmina quvnoq bolajon» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan jajji bolajonlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida faol bir guruh faol o‘quvchilar hamda tadbir tashkilotchilari tashakkurnoma hamda kitoblar to‘plamlari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),O‘zA