El ishini er qilur, er qadrini el bilur
Sirdaryoliklar irodasi metinday mustahkam, har qanday balo qazoga bir tan-u bir jon, do‘st birodar bo‘lib, qo‘lni qo‘lga, dilni dilga berib, kuchni kuchga qo‘shib, yiqilmas qo‘rg‘on, yengilmas qo‘shin, buzilmas qoya kabi, bir-birini qo‘llab-quvvatlovchi, tayanch, suyanch bo‘lguvchi va har qanday sinovlarni albatta yenguvchi, g‘alaba qozonuvchi, zafar bayrog‘ini albatta ko‘targuvchi xalqdir.
Sirdaryoliklar sinov ustiga sinov bilan sinalmoqda. Sardoba suv ombori yorilganda ahilligimiz, birligimizni va hech qanday talafotsiz barcha mushkulotlarni yengib, Sirdaryoda bir-biridan go‘zal bir qancha shaharlarni bunyod etganimizni, nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki butun dunyo ko‘rdi. Sirdaryo harbiy bazasida chiqqan yong‘in, barcha sirdaryoliklarni yana birlashtirdi. Yana barcha kuch, barcha qudrat safarbarlik qilindi. Talafot ko‘rgan bironta xonadon e’tiborsiz qolmadi. Jabr chekkanlarning hammasining holidan xabar olindi va xavf-xatar bartaraf etildi. Shifoxonadagi bemorlar yo‘qlandi va eng kerakli dori-darmon tezda yetkazildi. Oliy toifadagi shifokorlar jalb etildi. Oynalar, romlar, shiferlar, televizorlar o‘rnatildi, devorlar tiklandi, singan idish tovoqlar o‘rni qoplandi, kerak bo‘lsa ko‘rpa-to‘shaklar yetkazib berildi. Umid qilamizki, yana bir-ikki kundan keyin ko‘rilgan talafotlar, zararlar to‘laligicha qoplanadi, devorlar tiklanadi, bemorlar sog‘ayadi, xastalar tuzaladi, aybdorlar jazolanadi, hayot avvalgiday o‘z izniga tushadi va osoyishtalik yana bir maromda davom etadi.
Vahima ko‘targanlar, jabr chekkanlar emas, tashqarida, bu talafotda umuman zarar ko‘rmagan va voqeaga guvoh bo‘lmaganlardir. Birovning boshiga ish tushganda, paytdan foydalanib malomat va tuhmat toshini otmang, birovning ustidan kulmang, birovni yomonlamang. Qo‘lingizdan kelsa yordam qo‘lini cho‘zing, hamdard bo‘ling, yelkadosh bo‘ling, do‘st bo‘ling. Haqiqiy insoniylik mana shu. Biz, bu kunlar boshiga tushishini hatto dushmanimizga ham ravo ko‘rmaymiz. Sirdaryo xalqining boshi omon bo‘lsin, o‘zbek xalqining uyida hamisha to‘ylar bo‘lsin, dasturxoni hamisha to‘kin, sog‘lik salomatlikda, baxt-saodatda, farovonlikda yashasin. Qo‘lingizdan kelsa yordam bering, bizni duo qiling.
Biz bir tanu jonmiz.
Muhammad Ismoil,
Viloyat xalq deputati, Viloyat ijtimoiy rivojlanish komissiyasi raisi.
O‘zA