El e’zozidagi ijodkor
Jurnalistikada haqiqatni aytish, adabiyotda esa inson qalbiga yo‘l topish har kimga ham nasib etavermaydi. Bu ikki fazilatni butun umri davomida o‘zida mujassam etgan, Sirdaryo matbuoti va milliy jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan taniqli jurnalist, shoir, publitsist, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, oqoltinlik Abdurashid Pardayev muborak 80 yoshni qarshi oldi.
Ustozning qutlug‘ ayyomi munosabati bilan uning xonadonida tashkil etilgan samimiy uchrashuv ma’naviyat va so‘z ahlini bir davraga jamladi. Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar, ustozning safdoshlari, shogirdlari, jamoatchilik vakillari hamda Oqoltin tumani rahbariyati ishtirok etdi. Suhbatlar markazida bir insonning hayoti emas, balki yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida haqiqat, so‘z va vijdonga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan fidoyi ijodkorning ibratli hayot yo‘li turdi.
Sakson yil... Bu shunchaki umr emas. Bu qalam bilan bosib o‘tilgan yo‘l. Bu yuzlab publitsistik maqolalar, o‘nlab kitoblar, minglab satrlar, el dardi bilan bitilgan sahifalar, haqiqat va adolat yo‘lidagi matonatli mehnatdir.

— Bugun Sirdaryo matbuotini Abdurashid Pardayevsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki «Oqoltin ovozi» gazetasi deyilsa, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida, avvalo, prinsipial muharrir, o‘tkir qalam sohibi gavdalanadi. U butun hayoti davomida so‘zga ham, kasbiga ham xiyonat qilmadi, — deydi ustozning safdosh do‘sti va maslakdoshi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Boyjigit Abdullayev.
Abdurashid Pardayev 1946-yil 1-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tavallud topgan. 1972-yilda Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlab, mehnat faoliyatini respublikadagi mashhur «Mushtum» jurnalida boshladi. Bu dargoh uning qalamini charxladi, tanqidiy fikrlash va haqiqatni himoya qilish tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
1974-yildan boshlab uning hayoti Sirdaryo bilan chambarchas bog‘landi. Yangi tashkil etilgan «Oqoltin ovozi» gazetasida muxbir, bo‘lim mudiri, keyinchalik bosh muharrir sifatida mehnat qildi.
Ayniqsa, 2008-yildan buyon gazetani xalq dardi, haqiqat va adolat minbariga aylantirish yo‘lida katta mehnat qildi. Uning rahbarligida nashr tanqidiy-tahliliy jurnalistika an’analarini yanada mustahkamlab, o‘quvchilar ishonchini qozondi.
Jurnalistikada bir haqiqat bor: hamma yoza oladi, ammo hamma ham haqiqatni yoza olmaydi. Chunki haqiqatni aytish uchun bilimdan tashqari jasorat ham talab etiladi. Abdurashid Pardayev ana shu jasoratni butun umri davomida asrab keldi. Uning tanqidiy maqolalari, o‘tkir feletonlari va tahliliy chiqishlari ko‘plab muammolarning yechim topishiga turtki bo‘ldi. Shu bois ham uning qalamiga bo‘lgan ehtirom hamisha yuksak bo‘lib keldi.
U faqat mohir jurnalist emas, balki butun bir ustozlik maktabini yaratgan inson hamdir. Bugun respublika va viloyat ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan ko‘plab jurnalistlar uni o‘z ustozi deb bilishadi.

— Abdurashid Pardayev ustozni biz nafaqat so‘zi o‘tkir jurnalist, balki milliy jurnalistikamizda o‘z maktabini yaratgan fidoyi inson sifatida qadrlaymiz. U rahbarlik qilgan yillar davomida «Oqoltin ovozi» haqiqat va adolat minbariga aylandi. U tarbiyalagan shogirdlar bugun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida munosib mehnat qilmoqda.
Ustozning hayot yo‘lida turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Muyassar Pardayevaning ham munosib o‘rni bor. Bu xonadonda jurnalistika kasb emas, balki hayot tarzi, ma’naviy qadriyat sifatida e’zozlanadi. Shuning uchun ham Pardayevlar oilasi ko‘pchilik uchun ahillik, kasbga sadoqat va ma’rifatga xizmat qilishning ibratli namunasidir, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.

Abdurashid Pardayevning ijodi ham serqirra. «Qirlardagi so‘nmas lolalar», «Daryo bo‘yidagi ovul», «Uch g‘ildirakli velosiped», «Shukrlar bo‘lsin», «Umr hikmatlari», «Tanlangan asarlar», «Nayman hikmatlari» kabi kitoblari kitobxonlar mehrini qozongan. Ayniqsa, uch mingdan ziyod hikmatni jamlagan «Nayman hikmatlari» to‘plami ijodkorning teran mushohadasi va hayotiy falsafasini yana bir bor namoyon etadi.
Shoirning:
Sevib, sevmaganda oq tong ne qilsin,
Izsiz yurganlarda jon, tan ne qilsin.
Vatanni sevmaklik iymondan ekan,
Iymonsiz avlodda Vatan ne qilsin.
degan ruboiysi uning nafaqat ijodiy, balki hayotiy e’tiqodini ham yorqin ifoda etadi. Bu misralarda Vatanga muhabbat, inson iymoni va ma’naviy mas’uliyat yaxlit falsafa sifatida talqin qilingan.
— Abdurashid Pardayev nafaqat mohir jurnalist yoki iste’dodli shoir, balki butun bir ma’naviy maktabni yaratgan ustozdir. Uning qalamida hayot haqiqati, xalq dardi va inson qadri mujassam. Bunday insonlar faqat asarlari bilan emas, tarbiyalagan shogirdlari va qoldirgan ma’naviy merosi bilan ham yashaydi, — deydi Guliston davlat universiteti professori, falsafa fanlari nomzodi Ravshanbek Mahmudov.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bir fikrni alohida ta’kidladilar: Abdurashid Pardayevning eng katta boyligi kitoblari yoki egallagan lavozimlari emas, balki xalq ishonchi, hamkasblari ehtiromi va yuzlab shogirdlarining mehridir.
Sakson yil — bu shunchaki umr hisobi emas. Bu el ishonchiga sazovor hayot, adolatga bag‘ishlangan faoliyat va so‘z qadrini ulug‘lagan ijod maktabidir.

Bugun ham Abdurashid Pardayev yangi son ustida bosh qotiradi. Hali-hamon maqolalarni tahrir qiladi, yosh jurnalistlarga maslahat beradi, gazetaning ertangi kuni haqida o‘ylaydi. Chunki haqiqiy ijodkorning nafaqasi bo‘lmaydi.
Uning nafasi bor. Qalbi bor. Qalami bor.
Bugun 80 yoshni qarshi olayotgan ustoz ana shu fazilatlari bilan xalq mehrini qozongan, el e’zozidagi ijodkorga aylangan.
Tadbir yakunida yig‘ilganlar Abdurashid Pardayevga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat va yana ko‘p yillar samarali ijod qilish baxtini tiladilar. Zero, haqiqatga xizmat qilgan qalam hech qachon charchamaydi, el e’zoziga sazovor inson esa xalq xotirasida barhayot yashaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri