EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA
Koronavirus pandemiyasi tufayli non sexi maʼlum muddat faoliyat koʻrsatmadi.
Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor “Boboxoʻjev Shuhratbek” tomonidan tashkil etilgan non sexida ishlab chiqarilayotgan qolipli non va bir necha turdagi non mahsulotlari (bulochka) yuqori sifatliligi bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli non sexi maʼlum muddat faoliyat koʻrsatmadi. Karantin sharoitida aholining non va non mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ana shu mahsulotlarning doʻkonlarda doimiy boʻlishini taʼminlash maqsadida karantin va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan choralar koʻrilgan holda non sexi yana faoliyatini boshladi.
– Bir necha kun boʻldi ish boshladik, – deydi tadbirkor Shuhratbek Boboxoʻjayev. – Hozircha, kuniga 1500-1600 dona qolipli non tayyorlab, xaridorlarga yetkazib beryapmiz. Toʻla quvvat bilan ishni tashkil etish choralarini koʻryapmiz. Nasib etsa bir necha kun ichida qolgan turdagi mahsulotlarimizni ham chiqarishni boshlaymiz.
Sexda tozalikka, sanitariya-gigena qoidalariga qatʼiy amal qilinmoqda, belgilangan tartibda dezinfeksiya ishlari oʻtkazilmoqda. Faoliyat olib borayotgan ishchilar himoya niqoblari, zarur antiseptik vositalar bilan taʼminlangan.