EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA: nuroniy onaxonlar ibrati…
Bugungi sinovli kunlarda koʻpchilikka ibrat boʻlib kelayotgan nuroniy onaxonlarimiz ham borligi barchamizni quvontiradi, albatta.
Bugungi sinovli kunlarda koʻpchilikka ibrat boʻlib kelayotgan nuroniy onaxonlarimiz ham borligi barchamizni quvontiradi, albatta.
Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz keksalar, nogiron va boquvchisini yoʻqotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlashga doimiy eʼtibor qaratilmoqda. Bunday ezgu ishlarda yoshi ulugʻ onaxonlar ham faollik koʻrsatib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash va ularni moddiy qoʻllab-quvvatlashga hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Nuroniy onaxonlarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi X.Mirzajonovaning aytishicha, “Buvijonlar maktabi” respublika jamoatchilik kengashi aʼzosi, poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi tadbirkor Ozoda Aliyeva oʻz shaxsiy jamgʻarmasidan “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 2 million soʻm, uning nabirasi Kozimjon Aliyev 985 ming soʻm oʻtkazdi. Shuningdek, O.Aliyeva 11-aprel kuni Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish respublika markaziga 1,5 tonna un, 1,5 tonna guruch, 1 tonna qand, 600 litr oʻsimlik yogʻi, 1 tonnadan ziyod kartoshka va piyoz, 600 dona sochiq xayriya qilgan edi.
Yana bir faol onaxon – Xalqaro toʻqimachilik akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor Halima Alimova oʻz hisobidan “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” xayriya jamoat fondiga oʻz jamgʻarmasi hisobidan 2 million soʻm mablagʻ oʻtkazdi.
Sirdaryo viloyati Xovos tumani “Istiqlol” MFY Minor koʻchasida istiqomat qiluvchi faxriy oʻqituvchi Xoljonoy Karimjonova tashabbusi bilan 40 dan ziyod ehtiyojmand va hozirgi kunda daromadini yoʻqotgan xonadonlarga oziq-ovqat jamlamalari taqdim etildi. Bundan tashqari onaxon Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 5 million soʻm berdi.
Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Onaxonlarimiz mahallalarda karantin tartibiga toʻliq rioya qilish, shunday kunlarda ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirish va ularni qoʻllab-quvvatlash ishlariga ham munosib hissa qoʻshmoqda.