Eksport hajmini oshirish maqsadida har bir issiqxona qat’iy tekshiruvdan o‘tkaziladi
Jahon bozorida Serquyosh zaminimizda yetishtirilayotgan vitaminlarga boy meva-sabzavot mahsulotlariga talab yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishni talab etadi.
Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda poytaxtning 12 ta tumanida biriktirilgan karantin inspektorlari tomonidan “Dolzarb 30 kunlik” nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yildi. Tadbirlar joriy yilning 15 yanvaridan 16 fevralga qadar davom etmoqda. tadbir doirasida shahar hududlaridagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor va sitrus ekinlarida “Pomidorning jigarrang bujmayish virusi”, shuningdek “pomidor kuyasi”, “sitrus inli kuyasi”, “sitrus oqqanoti” kabi zararli organizmlar kuzatiladi.

Har bir tuman inspektorlari tomonidan barcha klasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalaridagi issiqxonalarda, shuningdek shox ko‘chalar va yashil maydonlardagi ekinlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Zararli organizmlar ehtimoliga olingan o‘simliklardan namunalar olib, sayyor laboratoriyalar orqali tekshiruvlar tashkil etiladi.

Bu tadbirlar nafaqat hosildorlikni saqlab qolish, balki eksport hajmining kamayishidan himoya qilish, shu bilan birga O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozor standartlariga moslashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Davlat nazorati va zamonaviy texnologiyalar orqali olib borilayotgan mazkur chora-tadbirlar agrosektorda yuqori sifatli va xavfsiz mahsulotlarni tayyorlashda asosiy qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA