Ekspert kengashi qaror chiqaradimi? – Rasmiy izoh berildi
So‘nggi vaqtlarda Soliqqa oid nizolar bo‘yicha Ekspert kengashi faoliyati yuzasidan turli talqinlar kuzatilmoqda. Bunga rasmiy munosabat bildirilib, kengashning vakolat doirasi va huquqiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-iyuldagi 223-son qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq sohalari mutaxassislaridan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha Ekspert kengashi tashkil etilgan.
Kengashning asosiy vazifasi soliqqa oid nizolarni qonunchilik asosida o‘rganish, tahlil qilish va vakolatli davlat organlari uchun tavsiyaviy xulosalar tayyorlashdan iborat.
Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, huquqiy oqibat keltirib chiqaradigan yakuniy qarorlar faqat vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
Prezident qaroriga muvofiq, Ekspert kengashi soliq organlari qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan xulosa beradi. Ushbu xulosalar soliq, bojxona va boshqa tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 672-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ham kengashning faqat xulosa berish vakolatiga ega ekani, yakuniy huquqiy qaror esa davlat organlari tomonidan qabul qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Mutaxassislarning fikricha, Ekspert kengashi faoliyati natijalarini “bekor qilindi”, “masala hal etildi” yoki “qayta ko‘rib chiqildi” kabi ifodalar bilan talqin qilish noto‘g‘ri huquqiy tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlaridan huquqiy mexanizmlarni yoritishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish, jamoatchilikni chalg‘ituvchi ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA