Ekspert: 2050-yilga borib O‘zbekistonda elektr talabi 100 GVtga yetishi mumkin
2030-yilgacha jahonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab har yili 3,5 foizdan ortiq o‘sishi kutilmoqda. Energiya tizimlarining barqarorligi esa faqat yangi quvvatlarni ishga tushirishga emas, balki elektr tarmoqlari, energiya saqlash tizimlari va moslashuvchanlik mexanizmlarini rivojlantirishga ham bog‘liq. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (XEA) hisobotida qayd etilgan.
Mazkur masala O‘zbekiston uchun faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanmaydi, chunki bugungi kunda mamlakat oldida zamonaviy, ishonchli va barqaror energiya tizimini shakllantirish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, akademik Qahramon Allayev bu borada munosabat bildirdi:
–Darvoqe, XEA xulosalari bo‘yicha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirishning o‘zi yetarli emas. Quyosh va shamol energetikasi ulushining yanada ortishi elektr tarmoqlari infratuzilmasi, energiya saqlash tizimlari va moslashuvchanlik mexanizmlarini jadal rivojlantirishni talab qiladi. Aks holda, energiya tizimi loyihalar yetishmasligiga emas, balki o‘z infratuzilmaviy cheklovlariga duch keladi.
Ayniqsa, bu masala O‘zbekiston uchun nihoyatda dolzarb. Mamlakatda elektr energiyasi iste’moli yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda va yirik iqtisodiy loyihalarning izchil amalga oshirilishi fonida bu o‘sish tendensiyasi kelgusi yillarda ham davom etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil fevral oyida strategik energetika loyihalarini amalga oshirish va mamlakat energiya tizimi barqarorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlat energetikasi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollariga oid muhim ma’lumotlarni keltirdi. Mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj har yili 6-8 foizga ortib bormoqda. Prezident islohotlari doirasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar esa katta hajmda elektr energiyasini talab qilmoqda. Sohadagi investitsiya portfeli ham ko‘lami bilan e’tiborli - umumiy qiymati 51,4 milliard dollar bo‘lgan 133 ta loyihani qamrab olgan.
Bunday sharoitda masala endi faqat yangi quvvatlarni ishga tushirish bilan cheklanmaydi. Gap uzoq muddatli istiqbolda energiya tizimi barqarorligi qaysi manbalar hisobiga va qanday shaklda ta’minlanishi haqida bormoqda.
Baholashlarga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekiston aholisi 53 million nafarga yetadi, elektr energiyasiga ehtiyoj esa 100 GVtgacha oshishi mumkin. Mamlakat sanoati va qishloq xo‘jaligi jadal rivojlanayotgani yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni talab qiladi. Afsuski, uglevodorod zaxiralari kamayib bormoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari esa ahamiyatiga qaramay, uzluksiz ishlamasligi va qimmatligi sabab bu masalani to‘liq hal etmaydi.
Kelgusidagi energiya ta’minoti modelida tabiiy gazning o‘rniga alohida e’tibor qaratish lozim. Issiqlik energetikasiga ilgarigidek qaramlik iqtisodiyot uchun uzoq muddatli yagona asos sifatida qaralmasligi kerak.
Asosiy masala ayrim texnologiyalar o‘rtasidagi bahsda emas, balki turli energiya manbalari o‘zaro qanday uyg‘unlashishida. Quyosh va shamol energetikasi kelgusida ham kengayib boradi. Biroq zaxira quvvatlari, energiya saqlash tizimlari va barqaror tayanch quvvatlarsiz tizim barqarorligini ta’minlash mumkin emas.
Quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish, ularning ekologik jihatdan afzalligiga qaramay, qator texnik cheklovlar bilan bog‘liq. Asosiy muammo elektr energiyasi ishlab chiqarishning beqarorligidadir, shu bois mamlakatda zaxira quvvatlarini oldindan yaratish zarur. 2035-yilgacha O‘zbekistonda qariyb 5 ming MVt gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalari va taxminan 4 ming MVt akkumulyatorli batareyalar barpo etish rejalashtirilgan. Bu generatsiyadagi tebranishlarni yumshatib, energiya tizimi ishonchliligini oshiradi.
Shu o‘rinda aytish joizki, bunda atom energetikasini qayta tiklanuvchi manbalar o‘rnini bosuvchi yechim emas, balki kelajakdagi energiya balansi qismi sifatida baholanmoqda.
Bu energiya tizimining barqaror ishlashi va iqtisodiyot rivoji uchun mamlakatimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bir qatorda asosiy va barqaror energiya manbai - atom energiyasiga ham tayanishi zarurligini anglatadi. Atom energetikasidan voz kechish ko‘mir va gaz importiga qaramlikning yanada kuchayishiga olib kelgan bo‘lar edi. Bu esa aholining ijtimoiy turmush sharoitiga, ekologiyaga va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bunday yondashuv XEAning xalqaro baholashlariga ham mos keladi. Agentlik tahliliga ko‘ra, kelajak energiya tizimi bir turdagi generatsiyaga emas, balki turli yechimlar uyg‘unligiga tayanadi. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va atom energetikasi bilan bir qatorda elektr tarmoqlarini rivojlantirish, energiya tizimining moslashuvchanligini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston uchun yaqin o‘n yilliklarda aynan shunday yondashuv eng hayotiy yondashuv bo‘lib ko‘rinadi.
2035-yilga borib, AES to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng, u yiliga qariyb 17,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va O‘zbekiston umumiy energiya iste’molining 14 foizigacha bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi. 2040-yilga kelib atom energetikasi quvvati 4 GVtga yetadi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2050-yilga borib AES quvvati jami 13-15 GVtgacha oshishi kerak. Bu esa uglerodsiz energetika hamda mamlakat energetik xavfsizligining asosi hisoblanadi.
Muxtasar aytganda, XEA xulosalari mamlakat uchun faqat global baholash sifatida emas, balki strategik qarorlar qabul qilishda amaliy asos sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Endi masala yaqin yillarda qancha yangi quvvatlar zarur bo‘lishi bilan cheklanmaydi, balki asosiy e’tibor mamlakat o‘sib borayotgan yuklama sharoitida bir vaqtning o‘zida ishonchli, moslashuvchan va barqaror energiya tizimini shakllantira olish-olmasligiga qaratilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.