Ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda
Sirdaryo viloyat Ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishi oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yish maqsadida nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
O‘tkazilgan ekologik nazorat- reyd tadbirlari davomida maishiy va qurilish chiqindilarini belgilangan joyga tashlamaslik holatlari bo‘yicha 884 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirdi, 363 million 675 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
– Maqsadimiz tabiatni ekologik chiqindilardan xoli, sof holda kelgusi avlodga qoldirish, – deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Elmurodov.–-Bu borada soha xodimlari mahallalar raislari, jamoat kengashi a’zolari, huquq -tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda joylarda va hududlarda targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazib, maishiy va sanoat chiqindilari, ularning ekologiyaga, tabiatga salbiy ta’siri to‘g‘risida tushuncha va maslahatlar berib borilmoqda.

Amaldagi qonun talablarini buzib, ekologiyaga zarar yetkazayotganlarning borligi achinarli holat. Qachonki, ekologiya va tabiatga nisbatan madaniyatimiz shakllanmas ekan, bunday holat davom etaveradi.
Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan "Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorda ham bu masalalarga alohida ahamiyat qaratildi.
Mazkur qarorda "atmosfera havosi, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish" yuzasidan bir qancha muhim vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri