Ekologik masalalar doimiy e’tiborda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda jurnalistlarga fraksiyaning 2022 yilning birinchi yarim yillikdagi faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.
Fraksiya tomonidan o‘tgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishning huquqiy poydevorini mustahkamlash, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ustida ish olib borildi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash holati yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Fraksiya a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 1 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Bundan tashqari, 3 ta yaxlit, 2 ta qonunchilikka o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari ustida ish olib borildi.
Parlament nazorati tadbirlari doirasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qonunlar va qonunosti hujjatlar ijrosini ta’minlash, respublikamizda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini samarali amalga oshirish, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lishning oldini olish yuzasidan o‘rganishlar va eshituvlar o‘tkazildi. Jumladan, 20 marotaba tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitildi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 ta qarori ijrosi o‘rganildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga 13 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.
Shuningdek, fraksiya taklifiga ko‘ra, saylovchilarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal etish, deputatlarning aholi bilan o‘tkazayotgan muloqot va uchrashuvlari davomida ko‘tarilgan masalalar, xususan O‘zbekistonning turizm salohiyatini oshirish, shu jumladan ekoturizmni rivojlantirish borasida rejalashtirilayotgan ishlar bo‘yicha tushuntirish berish va nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan 1 ta parlament so‘rovi yuborildi.
Hisobot davrida fraksiya a’zolari tomonidan 296 marotaba fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazilib, ularda 10 ming 887 nafar aholi qamrab olindi va ularning murojaatlarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
M.Komilova, O‘zA