Ehtiyot bo‘ling — sizdan “urib” qolishmayaptimi?
Raqamlashgan jamiyatda chek talab qilish madaniyati, noqonuniy faoliyatlarning oldini olish va fuqarolarning huquqiy ongini oshirish muhim.
Bugungi kunda hayotimizning deyarli barcha sohalarida raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu nafaqat resurslarni tejash, balki qo‘shimcha moddiy foyda olish imkoniyatlarini ham yaratib bermoqda. Ammo shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda ayrim “uddaburon” shaxslar noqonuniy yo‘llar orqali daromad topish yo‘liga o‘tgani, afsuski, ayrim fuqarolarimizning bu borada huquqiy savodxonligi yetarli emasligi tufayli ularning qilmishi javobsiz qolmoqda.
Shunday huquqbuzarliklardan biri — xaridorlarga chek taqdim etmasdan savdo qilish holatidir. Bu holatda ko‘pincha sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi shaxs to‘lovning bir qismini o‘z hisobiga qaytarib olish maqsadida chekni bermaydi, xaridor esa o‘z huquqlarini talab qilmasdan, bu amaliyotga ko‘z yumadi.
Quyida soliq ilovasi orqali to‘lovlarning bir qismini qaytarib olish tizimi qanday ishlashi, uning huquqiy asoslari hamda chek berilmagan taqdirda fuqarolar qanday chora ko‘rishi lozimligi haqida so‘z yuritamiz.
Ma’lumki, davlat xizmatlarini onlayn ko‘rsatish amaliyoti qog‘ozbozlik va ortiqcha rasmiyatchilikni keskin kamaytirdi. Soliq sohasida raqamlashtirish ishlari 2015 yilda boshlangan bo‘lib, jismoniy shaxslar tomonidan cheklarni soliq ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘lovlarning bir qismini qaytarib berish tizimi 2022-yilda yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyundagi 255-son qaroriga ko‘ra, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida naqd yoki bank kartalari orqali amalga oshirilgan xaridlar qiymatining bir qismi fuqarolarning bank kartalariga milliy valyutada qaytarib beriladi. Bu tizim faqat jismoniy shaxslarga taalluqlidir.

Jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:
1. Soliq ilovasida shaxs identifikatsiyadan o‘tadi va ma’lumotlarini kiritadi;
2. Xaridor chekdagi QR-kodni skanerlaydi yoki fiskal belgisini qo‘lda kiritadi;
3. Soliq organlari va bank tizimi orqali to‘lovning bir qismi qaytariladi.

Shu bilan birga, quyidagi cheklar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:
• 10 kalendar kundan oshgan cheklar;
• Oldin ro‘yxatdan o‘tgan yoki puli qaytarilgan cheklar;
• Avia, avto va temir yo‘l chiptalari hamda kommunal xizmatlar uchun cheklar;
• “Shubhali xaridorlar” reyestriga kiritilgan shaxslarning chektari;
• O‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan xarid qilingan tovarlar chektari.
Qarorga muvofiq, har oyning 25-sanasiga qadar Davlat soliq qo‘mitasi to‘plangan ma’lumotlarni Moliya vazirligiga taqdim etadi. Keyinchalik, vazirlik bir ish kuni ichida to‘lovlarni vakolatli bank orqali fuqarolarning kartalariga o‘tkazadi.
Qaytarib berilgan mablag‘ fuqaroning umumiy daromadiga qo‘shilmaydi.
To‘lovlarning bir qismini qaytarishning oylik maksimal chegarasi belgilangan: bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravarigacha bo‘lgan xaridlardan 1 foizi qaytariladi. 2025 yil 10 oktyabr holatiga ko‘ra, bu miqdor oyiga 247 200 so‘mdan oshmasligi kerak.
Bunday holatlarning oldini olish uchun “shubhali shaxslar reyestri” yuritiladi. Agar shaxs boshqa fuqarolarning cheklarini ularning ruxsatisiz ro‘yxatdan o‘tkazgani aniqlansa, u mazkur reyestrga kiritiladi va 12 oy mobaynida qaytarish tizimidan foydalana olmaydi.
Agar fuqaro chek berilmagan yoki uning huquqi buzilgan holatga duch kelsa, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida shikoyat qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, bunday holatni sud orqali ham ko‘rib chiqish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga ko‘ra, nazorat-kassa texnikasidan foydalanish tartibini buzish 5 million so‘mdan 20 million so‘mgacha jarimaga tortiladi.
Chek olish va uni soliq ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish — oddiy ko‘rinadigan, ammo fuqarolik jamiyatining muhim belgisidir. Bu nafaqat shaxsiy manfaat, balki jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Zero, har bir katta o‘zgarish kichik qadamlardan boshlanadi. Demak, har bir xaridda chek talab qilish — faqat moliyaviy manfaat emas, balki fuqarolik mas’uliyatimiz namoyonidir.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ozoda Komilovna JAMILOVA