Ehtiyojmand oilalarga 1,2 trillion so‘mlik bir martalik yordam berildi
Ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq 150 kVt/soatgacha, shuningdek, tabiiy gaz bo‘yicha isitish mavsumida 250 kub metrgacha (isitish mavsumidan tashqari oylar uchun 150 kub metrgacha) ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan tariflar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq foydalangan 562,9 ming nafar ehtiyojmand oilaga jami 41,6 milliard so‘m kompensatsiya puli to‘lab berildi.
Shundan, elektr energiyasi uchun — 30 milliard so‘m, tabiiy gaz uchun — 11,6 milliard so‘m ajratildi.
Shuningdek, 2024–2025 yilgi isitish mavsumi davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq foydalangan 207 ming 962 nafar ehtiyojmand oilaga jami 23,3 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan.
Bundan tashqari, 2025 yil noyabr oyida ham 1 million 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga 1,2 trillion so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Ajratilgan moddiy yordamlar hisobidan fuqarolar isitish mavsumi uchun ko‘mir zaxirasini yaratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa ehtiyojmand aholi xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA