Ehtiyojmand oilalar soliqchilar nazoratida
Islom olamining muqaddas bayrami Qurbon hayiti hamda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Jizzax viloyati soliq boshqarmasi mutasaddilari xonadonbay tizimi asosida nogiron yoshlarning holidan xabar olmoqda.
– Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogiron farzandlari bor oilalarning muammolarini o‘rganish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy masalalarini hal etishda ko‘maklashishdan iborat, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Tashpulatov.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari boshchiligida vakillar joriy yilning aprel – iyun oylari davomida Baxmal, Forish va G‘allaorol tumanlarida istiqomat qiluvchi o‘ziga biriktirilgan, oilasida nogironligi bo‘lgan yoshlarning xonadonlarida bo‘lib, muammolarini o‘rgandi.
Jumladan, Qurbon hayiti bayrami va 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i G‘allaorol tumanidagi “Savruk” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi nogironligi bo‘lgan Jamol Xoliyevning oilasiga homiylik asosida gaz plitasi tuhfa qilgan bo‘lsa, “Ko‘kbuloq” MFY Yangiyo‘l qishlog‘ida yashovchi O‘rol Akramovning ehtiyojiga muvofiq gaz plitasi hamda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tumandagi “Buloqboshi” QFYda yashovchi Zuhriddin Nuranov tug‘ma nogiron bo‘lganligi sabab o‘zi mustaqil harakatlana olmaydi. Biroz muddat avval uning xonadoniga borilganda yangi nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligi aniqlangan. Kuni kecha viloyat soliq boshqarmasi hamda viloyat 4-sektor mas’ullari tomonidan Zuhriddinga yangi nogironlik aravachasi yetkazib berildi.
Ayni paytda, G‘allaorol tumanida 170 nafar ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan yoshlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Tashpulatov boshchiligida bu yoshlarning muammolari tegishli tartibda hal etilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA