Ehtiyojmand ayollarga tikuv mashinalari topshirildi
Yangi yil bayrami arafasida Andijon shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan oilalardagi 40 nafar ayolga tikuv mashinalari topshirildi.
Andijon shahridagi mahallalarda “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida 40 nafar ehtiyojmand opa-singillarimizga tikuv va “overlo” mashinkalarining topshirilganligi ular uchun yangi yil bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
–Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Bu boradagi Andijon shahrida ham izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, tikuv mashinalarining berilishi bilan ko‘plab opa-singillarimizning bandligi ta’minlandi, ularning doimiy daromad manbai shakllantirildi.
Umuman, Andijon shahrida ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar safi tobora ortib bormoqda.
[gallery-15292]
–Tikuvchilik hunarini egallaganman, lekin tikuv mashinam yo‘qligi uchun bu ish bilan shug‘ullana olmayotgan edim, – deydi Kengash mahallasida yashovchi Dilafruz Otaxonova. – Yangi tikuv mashinasi sotib olishni orzu qilardim. Yangi yil bayrami arafasida ana shu orzuim amalga oshdi. Shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi ko‘magi bilan tikuv va “overlo” mashinasi oldim.
Andijon shahrida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi ehtiyojmand ayol va qizlar bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettiriladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari